Uchrashuv Oʻzbekiston-Italiya hamkorligining bugungi holatini koʻrib chiqish va uni yanada mustahkamlash chora-tadbirlarini ishlab chiqish uchun yaxshi imkoniyat boʻldi. Oʻzbekiston-Italiya munosabatlarining keng koʻlamli kun tartibini muhokama qilar ekan, tomonlar investitsiyaviy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar hamkorlikni yanada kengaytirish chora-tadbirlariga alohida eʼtibor qaratdilar.

Oʻzaro savdo rivojlanishida ijobiy natijalar qayd etildi. 2021-yil yakunlariga koʻra, Oʻzbekiston va Italiya oʻrtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 25 foizga oshdi. Joriy yil birinchi choragida ham toʻqimachilik, oziq-ovqat, charm-attorlik buyumlari, asbob-uskunalar va boshqa tovarlar yetkazib berish hajmining ortishi tufayli oʻsish tendensiyalari kuzatildi. Tomonlar ikki tomonlama savdo hajmini oshirish boʻyicha navbatdagi qoʻshma saʼy-harakatlarni koʻrib chiqdilar va bu boradagi ishlarni faollashtirishga kelishib oldilar.

Investitsiyaviy hamkorlikni chuqurlashtirish mexanizmlariga ham eʼtibor qaratildi. Soʻnggi besh yil ichida Oʻzbekistonda Italiya kapitali asosida faoliyat koʻrsatayotgan korxonalar soni ikki baravar koʻpaydi. Ular asosan togʻ-kon sanoati, metallurgiya, neft-kimyo va elektrotexnika tarmogʻi, shuningdek, qurilish materiallari ishlab chiqarish kabi yangi yoʻnalishlarda faoliyat koʻrsatmoqda. Ikki mamlakat ishbilarmon doiralarini oʻzaro yanada yaqinlashtirish hamda Oʻzbekistonda loyihalarni amalga oshirish maqsadida Italiya investitsiyalari va texnologiyalarini jalb qilish borasidagi ishlarni davom ettirish dolzarbligi taʼkidlandi.

Shuningdek, uchrashuvda energetika sohasidagi hamkorlik, hududlararo munosabatlar masalalari hamda ikki tomonlama tadbirlarga, jumladan, Savdo-iqtisodiy va sanoat hamkorligi boʻyicha Oʻzbekiston-Italiya hukumatlararo ishchi guruhining navbatdagi yigʻilishiga tayyorgarlik koʻrish chora-tadbirlariga toʻxtalib oʻtildi.

Tomonlar ikki taraflama munosabatlar kun tartibidagi asosiy masalalar yuzasidan fikr almashgandan soʻng, kelgusidagi hamkorlik borasida muhim kelishuvlarga erishdilar, bu esa qoʻshma loyihalar va tashabbuslarni amalga oshirishda sezirlarli darajada oldinlanish imkonini beradi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.

Misrdagi eng nufuzli markazlardan birida boʻlib oʻtgan tadbirda Oʻzbekiston doʻstlik jamiyati aʼzolari, mazkur mamlakatdagi siyosiy, ilmiy-akademik, ishbilarmon doiralar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Ilmiy-amaliy seminar avvalida Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari Furqat Sidikov mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar toʻgʻrisida batafsil maʼlumot berdi.

Jumladan, 2017–2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi doirasida tatbiq etilgan loyihalar xususida atroflicha toʻxtalib oʻtildi. Joriy yilda keng jamoatchilik va fuqarolik institutlari bilan birgalikda Yangi Oʻzbekistonning 2022–2026-yillarga moʻljallangan taraqqiyot strategiyasi ishlab chiqilganiga eʼtibor qaratildi.

Taraqqiyot strategiyasida bugungi global jarayonlardan kelib chiqqan holda inson qadrini yuksaltirish, qonun ustuvorligini taʼminlash, iqtisodiyotni rivojlantirishga doir yettita ustuvor yoʻnalish belgilab berilgani koʻrsatib oʻtildi.

Ayni paytda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev boshchiligida amalga oshirilayotgan tub islohotlar respublika taraqqiyotida yangi bosqich – Yangi Oʻzbekiston davrini boshlab bergani alohida taʼkidlandi. Respublika rahbari tomonidan xorijiy davlatlar bilan ochiq va doʻstona aloqalar oʻrnatilgani, Markaziy Osiyo mintaqasi esa tashqi siyosatning ustuvor yoʻnalishi etib belgilanganiga alohida eʼtibor qaratildi.

Tadbir moderatori Qohira strategik tadqiqotlar markazi direktori A.Muslimani soʻnggi besh yilda Yangi Oʻzbekiston barpo etilgani, ichki va tashqi siyosatda ulkan muvaffaqiyatlarga erishilganini taʼkidladi.

Uning qayd etishicha, Toshkent va Qohira ikki tomonlama munosabatlarni yanada yuqori bosqichga olib chiqish uchun katta imkoniyatlarga ega. Hozirda turli sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish uchun tarixiy-madaniy shart-sharoitlar mavjud. Xususan, 60 dan ortiq ikki tomonlama hujjatlar imzolangan boʻlib, shartnomaviy-huquqiy baza oʻzaro hamkorlikning yangi yoʻnalishlarini rivojlantirish imkonini beradi.

Qohira universiteti fakulteti dekani, mamlakatimizning “Doʻstlik” ordeni sohibi professor Ahmad Rajab Rizq Misr va Oʻzbekiston xalqlarini ming yillik davr bogʻlab turishini qayd etdi. Olimning soʻzlariga koʻra, Al-Fargʻoniy tomonidan Qohirada bunyod etilgan nilometr qurilmasi, Oʻzbakiya mahallasi, Misrdagi Tuluniylar, Mamluklar, Ayubiylar saltanati va boshqa koʻplab misollar doʻstona aloqalarimizning uzoq tarixga borib taqalishini tasdiqlaydi.

Misr parlamenti senatori, “ash-Shuruq” gazetasi bosh muharriri Imoduddin Husayn oʻtgan 30 yil davomida Misr va Oʻzbekiston hamkorligida koʻplab ijobiy ishlar tatbiq etilganini qayd etar ekan, hali foydalanilmagan salohiyat ikki xalq doʻstlik aloqalarini yanada kengaytirishga mustahkam zamin yaratishiga ishonch bildirdi, deb xabar beradi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.