Delegatsiyalarga Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirining oʻrinbosari Gʻayrat Fozilov va Italiya Tashqi ishlar va xalqaro hamkorlik vazirligi tashqi ishlar boʻyicha Davlat kotibi Manlio Di Stefano boshchilik qildi.
Muloqot chogʻida Oʻzbekiston bilan Italiya oʻrtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsion, turizm, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi munosabatlarning holati va ularni rivojlantirish istiqbollari atroflicha muhokama qilindi.
Iqtisodiy diplomatiyani faollashtirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Shu nuqtayi nazardan oʻzaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish, istiqbolli qoʻshma investitsiya loyihalari va savdo shartnomalarini amalga oshirish boʻyicha takliflar koʻrib chiqildi.
BMT, Yevropa Ittifoqi, “Italiya – Markaziy Osiyo” muloqoti va boshqa koʻp tomonlama tuzilmalar doirasidagi oʻzaro hamkorlikning alohida jihatlari tahlil qilindi.
Madaniyat, sogʻliqni saqlash sohalarida hamkorlikni chuqurlashtirish, ilmiy va taʼlim muassasalari oʻrtasidagi aloqalarni kengaytirishdan ikki tomon ham birdek manfaatdor ekanligi bildirildi.
Dolzarb va amaliy ahamiyatga ega hujjatlarni ishlab chiqish orqali ikki tomonlama hamkorlikning shartnomaviy-huquqiy asosini kengaytirish yuzasidan ham fikr almashildi, deb xabar beradi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.