Janfranko Grechi O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi vazirligi bilan o‘rnatilgan aloqalarni yuksak qadrlashini bildirdi. 2022 yilda vakolatxona ko‘magida qator delegatsiyalar bilan samarali muloqot olib borilganini mamnuniyat bilan taʼkidladi.

U joriy yilda ham O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi vazirligi bilan o‘zaro ishonchli hamkorlikni yana-da mustahkamlash yo‘lida saʼy-harakatlarni izchil davom ettirishga tayyor ekanligini bildirdi.

Janfranko Grechi, shuningdek,  Italiya qishloq xo‘jaligi vazirligi va uyushma yetakchiligida joriy yil may oyida Neapol shahrida o‘tkaziladigan «II Mediterraneo Wine&Food and Travel» oziq-ovqat xalqaro ko‘rgazmasiga tayyorgarlik ishlari boshlanganini maʼlum qildi.

«Ushbu ko‘rgazmada Lotin Amerikasi, Yevropa va Yaqin Sharq mintaqasidan 20 dan ortiq davlatning ishtirok etishi rejalashtirilmoqda. Tadbirda turli mamlakatlarning oziq-ovqat mahsulotlari namoyish qilinishi bilan birga yuqori darajadagi rasmiy uchrashuvlarni o‘tkazish ham nazarda tutilmoqda. Bugungi kunda ko‘rgazma konsepsiyasi ishlab chiqilmoqda”, dedi Janfranko Grechi. Ushbu xalqaro tadbir O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini dunyoga yana-da yaqindan tanitish, shuningdek, Italiya qishloq xo‘jaligi sohasi vakillari bilan o‘zaro aloqalarni mustahkamlash uchun yaxshi imkoniyat bo‘lishi mumkin».

Bo‘lib o‘tgan uchrashuvda mamlakatimiz qishloq xo‘jaligi sohasida so‘nggi yillarda erishilayotgan natijalar va istiqboldagi vazifalar to‘g‘risida so‘zlab berildi. Sohada xalqaro hamkorlikni kuchaytirish va yangi eksport bozorlarini kashf qilish muhim ekanligi taʼkidlandi.

Uchrashuv yakunida Neapol shahrida bo‘lib o‘tadigan «II Mediterraneo Wine&Food and Travel» oziq-ovqat xalqaro ko‘rgazmasida O‘zbekiston vakillarining ishtirokini puxta ishlab chiqishga kelishib olindi.