Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev raisligida boʻlib oʻtgan yigʻilishda Xitoy bilan savdo-iqtisodiy hamkorlik, Ishchi guruhning Pokiston va Singapurga boʻlajak tashriflarining hamda Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart Toqayevning joriy yil 21-22-dekabr kunlari Oʻzbekiston Respublikasiga davlat tashrifining tashkiliy va mazmun jihatidan yuqori darajada oʻtkazish masalalari muhokama etildi.

Tadbirda vazirliklar, idoralar, tarmoq birlashmalari, Oʻzbekistonning ushbu mamlakatlardagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlari ishtirok etdi.

Xitoy Xalq Respublikasi Davlat kengashi Bosh vazirining oʻrinbosari Xu Chunxuaning joriy yil dekabr oyida amalga oshirgan tashrifi yakunlari boʻyicha tasdiqlangan “Yoʻl xaritasi” bajarilishi muhokama etildi. Hujjatda Oʻzbekiston va Xitoy oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish, xususan, oʻzaro tovar ayirboshlash hajmini 10 milliard dollarga yetkazish, 500 million dollar miqdorida grant mablagʻlari va toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar jalb etish, transport-logistika aloqalarini rivojlantirish, hududlararo hamkorlik masalalari oʻrin olgan. Shuningdek, “Yoʻl xaritasi” muqobil energetika, togʻ-kon sanoatini rivojlantirish boʻyicha qoʻshma loyihalarni birgalikda amalga oshirish, Oʻzbekiston-Xitoy agroinnovatsion parkini tashkil etish va qishloq xoʻjaligi sohasida qoʻshma loyihalarni hayotga tatbiq etish, Xitoy tajribasi asosida kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha chora-tadbirlarni koʻrishni va boshqa vazifalarni nazarda tutadi. “Yoʻl xaritasi”da belgilangan vazifalarning oʻz vaqtida va sifatli bajarilishini taʼminlash yuzasidan masʼul rahbarlarga maqsadli topshiriqlar berildi.

Yigʻilishda Ishchi guruhning Pokiston Islom Respublikasiga boʻlajak tashrifi kun tartibining istiqbolli yoʻnalishlari ham tahlil etildi. Xususan, Pokiston tomoni bilan dengiz portlaridan birgalikda foydalanish, ikki davlat oʻrtasidagi reyslar sonini koʻpaytirish, yuk tashuvchilar uchun viza rejimi va bojxona tartib-qoidalarini yengillashtirish, meva va sabzavotlarni qayta ishlash va eksport qilish boʻyicha qoʻshma korxonalar yaratish, Toshkent va Islomobod shaharlarida sanoat mahsulotlarining oʻzaro yarmarkalarini tashkil etish masalalari boʻyicha hamkorlikni faollashtirish vazifalari topshirildi.

Mutasaddi rahbarlarga elektrotexnika, kimyo, farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarish boʻyicha Oʻzbekiston-Pokiston qoʻshma sanoat kooperatsiyasi loyihalarini, toʻqimachilik, turizm, qurilish materiallari ishlab chiqarish va boshqa sohalarda hududlararo hamkorlik doirasidagi qator loyihalarni amalga oshirishni jadallashtirish boʻyicha topshiriqlar berildi.

Ishchi guruhning Singapurga tashrifiga tayyorgarlik koʻrish doirasida hamkorlik yoʻnalishlarini kengaytirish va qishloq xoʻjaligi, energetika, mashinasozlik, kimyo va toʻqimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish, transport va logistika, axborot texnologiyalari, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda qoʻshma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari oʻrganildi.

Xususan, Toshkent viloyatida zamonaviy logistika markazi, Andijon viloyatida quruq port (logistika markazini) barpo etish, mamlakatimiz aeroportlarini modernizatsiya qilish loyihasini birgalikda amalga oshirish yuzasidan koʻrsatmalar berildi. Xuddi shunday tarzda tibbiyot xodimlarining tajriba almashishi va malakasini oshirish, farmatsevtika mahsulotlarini oʻzaro yetkazib berish, ikki mamlakat oliy oʻquv yurtlari oʻrtasida hamkorlikni yoʻlga qoʻyish boʻyicha loyihalarni amalga oshirish istiqbollari koʻrib chiqildi.

Oʻzbekiston va Singapur oʻrtasidagi sarmoyaviy hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari alohida oʻrganildi. Tegishli rahbarlarga ikki davlatning yetakchi kompaniyalari vakillari ishtirokida Oʻzbekiston-Singapur qoʻshma investitsiya kompaniyasi, Milliy investitsiya jamgʻarmasi, Ishbilarmonlar kengashi va Tadbirkorlar uyushmasini tashkil etish boʻyicha ishlarni faollashtirish topshirildi.

Shuningdek, uchrashuv chogʻida Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart Toʻqayevning joriy yil 21-22-dekabr kunlari Oʻzbekiston Respublikasiga boʻlajak davlat tashrifiga tayyorgarlik koʻrish masalalari muhokama etildi.

Yigʻilish yakuni boʻyicha masʼul rahbarlarga Ishchi guruhning barcha reja va vazifalarini sifatli va oʻz vaqtida bajarish hamda oliy darajadagi tashrifning iqtisodiy kun tartibini kengaytirish yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.