Koreya Respublikasi O'zbekistonning ishonchli do'sti va alohida strategik sherigidir. Keyingi yillarda tovar ayirboshlash va qo'shma korxonalar soni qariyb ikki barobar ortdi. Pandemiya oqibatlariga qaramay, ko'p qirrali munosabatlar izchil rivojlanib bormoqda.
Janubiy Koreyaning O'zbekistonga investitsiyalari hajmi 7 milliard dollardan oshgan. Joriy yilda 320 million dollar, ya'ni 2020 yilga nisbatan 20 foiz ko'p o'zlashtirildi. Bu mablag'lar hisobiga kimyo, neft-kimyo, to'qimachilik, qurilish, qishloq xo'jaligida qo'shma loyihalar amalga oshirilmoqda. Ikki mamlakat sog'liqni saqlash, maktabgacha ta'lim va oliy ta'lim sohalarida samarali hamkorlikni yo'lga qo'ygan bo'lib, bu o'zining amaliy natijalarini bermoqda.
Farg'ona viloyatida ham koreyaliklar bilan ta'lim, tibbiyot, elektrotexnika, qishloq xo'jaligi kabi sohalarda istiqbolli loyihalar amalga oshirilmoqda. Farg'ona shahridagi O'zbekiston-Koreya universitetida mashinasozlik muhandisligi, kelajak avtomobilsozligi injiniringi, elektrotexnika va elektronika muhandisligi, arxitektura muhandisligi, kompyuter muhandisligi, energetika va kimyo muhandisligi bo'yicha malakali mutaxassislar tayyorlanmoqda. Oliy ta'lim tizimidagi bu hamkorlik natijasida Janubiy Koreyaning ilg'or tajribasi keng o'rganilyapti, amaliyotga tatbiq etilmoqda.
Albatta, jismoniy tarbiya va sport sohasida bu davlatdan o'rnak oladigan jihatlar ko'p. O'zbekiston Jismoniy tarbiya va sport universitetining Farg'ona filiali bu borada hamkorlikni yo'lga qo'yishni rejalashtirmoqda.
Bugungi kunda Koreya Respublikasi bilan oliy ta'limdagi hamkorlik jadal va ko'p qirrali xarakterga ega bo'lib bormoqda. Bu esa o'qitishni, kadrlar tayyorlashni sifat va miqdor jihatdan yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.
Prezidentimizning 2022 yilni “O'zbekiston va Koreya Respublikasi o'rtasidagi o'zaro almashinuvlar yili” deb e'lon qilgani muhim ahamiyatga ega. Bu ikki mamlakatning hamkorligida yangi imkoniyatlar eshigini ochishga xizmat qiladi.
Mazkur davlat tashrifi, uning doirasida qabul qilingan qarorlar va erishilgan kelishuvlar Koreya Respublikasi bilan alohida strategik sheriklik munosabatlarini yanada yuqori darajaga ko'targani bilan ahamiyatlidir.
Ravshanjon Rasulov,
O'zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti
Farg'ona filiali direktori