Bu haqda universitet maʼmuriyati maʼlum qildi.
Qayd etilishicha, mazkur oliy oʻquv yurti Kengashining qaroriga muvofiq, Universitetda har oʻquv yili uchun nom berish belgilandi. Shundan kelib chiqib, bu yilgi oʻquv yili “OʻzJOKU — insonlar va bilimlar uchrashadigan maskan“ deb nom oldi.
Xabarda bu kabi tashabbus respublika oliy taʼlim muassasalari orasida birinchi bor OʻzJOKU tomonidan ilgari surilgani aytildi.
Shuningdek, boshlangan oʻquv yilida quyidagi yoʻnalishlarni rivojlantirish boʻyicha ustuvorlik belgilab olindi:
- Hamfikrlar hamjamiyatini shakllantirish;
- Gumanitar va gumanistik yondashuvga urgʻu;
- Fanlararo aloqalarni rivojlantirish;
- Innovatsion taʼlim dasturlari va loyihalarini ishlab chiqish;
- Shaxsiy rivojlanish uchun sharoit yaratish;
- Ilm-fan va amaliyot integratsiyasi.
"Universitet bu talabalar, oʻqituvchilar, ilmiy va maʼmuriy xodimlar oʻrtasida tajriba almashish, fikrlar bilan boʻlishish va muloqot qilish maydonchasidir.
Universitet bu faqat bilim olish joyi emas, balki uchrashuvlar, kashfiyotlar va birgalikda yaratuvchanlik muhitidir.
Har bir talaba va professor-oʻqituvchi bu hamjamiyatning faol aʼzosi boʻlib, oʻz gʻoyasini roʻyobga chiqaradi va universitetning umumiy manzarasiga hissa qoʻshadi.
Shunday ekan, Sizlarni OʻzJOKUda — insonlar va bilimlar uchrashadigan maskanda kutib qolamiz," — deyiladi xabarda.








