Joriy yil mart oyida Oʼzbekistonda koʼchmas mulk oldi-sotdi shartnomalari soni 20,3 ming donani tashkil etdi, bu esa fevralь oyiga (22 ming) nisbatan 7,6 foizga kamroqdir. 2021 yilning mos davriga (20,2 ming) nisbatan oʼsish 0,3 foizni tashkil etdi.

Koʼchmas mulk oldi-sotdisi boʼyicha rasmiylashtirilgan shartnomalar soni oʼzgarishi 

Hududlar kesimida oʼsish surʼati faqatgina Navoiy viloyatida (25 foiz) qayd etildi. Koʼchmas mulk oldi-sotdi bitimlari sonining eng katta kamayishi Xorazm (24 foiz), Sirdaryo (20 foiz) va Namangan (19 foiz) viloyatlarida kuzatildi.

Shuningdek, tahlil natijalari Toshkent viloyati va Toshkent shahri koʼchmas mulk bozorida talab mos ravishda 1 va 5,8 foiz kamayganini koʼrsatmoqda.

Toshkent shahri va Toshkent viloyatida koʼchmas mulk oldi-sotdisi boʼyicha tuzilgan shartnomalar soni 

Ikkilamchi uy-joy bozorida narxlar oʼzgarishi

Markaz hisob-kitoblariga koʼra, mart oyida ikkilamchi bozorda uy-joy oʼrtacha narxlari oʼtgan oyga nisbatan 1,9 foizga pasaygan (fevralь oyida oʼsish 1,7 foizni tashkil etgan edi).

Hududlar kesimida turar-joy narxlarining eng yuqori oʼsish surʼatlari Surxondaryo (6 foiz), Toshkent shahri (2,4 foiz) kuzatilgan boʼlsa, Sirdaryo (-11,6 foiz), Аndijon (-7,6 foiz) va Namangan (-5,4 foiz) viloyatlarida narxlarning pasayishi qayd etildi.

Toshkent shahri va viloyat administrativ markazlarida ikkilamchi uy-joy bozoridagi narxlar oʼzgarishi (1 kv.m. uchun АQSh dollari) 

Manba: Ikkilamchi uy-joy bozoridagi narxlarning oʼzgarishi olx.uz saytida joylashtirilgan maʼlumotlar asosida hisob-kitob qilingan. Maʼlumotlar veb-skraping (Web Scraping) metodi orqali yigʼilgan.

Mart oyida poytaxtda ikkilamchi uy-joy bozoridagi oʼrtacha narxlar oʼtgan oyga nisbatan 2,4 foizga oshdi. Eng yuqori oʼsish surʼatlari Chilonzor (3,7 foiz), Mirzo Ulugʼbek (3,7 foiz) va Sergeli (3,2 foiz) tumanlarida qayd etildi.

Mutaxassislarning taʼkidlashicha, davlatning uy-joy dasturlari koʼchmas mulk bozorida taklif oʼsishini, shuningdek fuqarolarning uy-joy sotib olish qobiliyatini qoʼllab-quvvatlashda davom etmoqda.

Bundan tashqari, ipoteka foiz stavkalari 2022-yil oxirigacha oʼzgarishsiz qoladi. Bu Oʼzbekiston Respublika Prezidentining joriy yil 8 apreldagi Tadbirkorlik muhitini yaxshilash va xususiy sektorni rivojlantirish orqali barqaror iqtisodiy oʼsish uchun shart-sharoitlar yaratish borasidagi navbatdagi islohotlar toʼgʼrisida”gi qarorida koʼzda tutilgan. Moliya vazirligi tomonidan banklarga ajratilgan resurs mablagʼlari boʼyicha stavkalar va ipoteka kreditlari boʼyicha stavkalar (13 foiz) 2022-yil oxirigacha shu tarzda saqlanib qoladi.

Mart oyida Markaziy bank asosiy stavkani 17 foizgacha oshirganidan soʼng, yangi kreditlar boʼyicha foiz stavkalari oshishi kerak edi. Biroq davlat rahbari yil oxiriga qadar avvalgi stavkalarni saqlab qolish boʼyicha topshiriq berdi.

Maʼlumot oʼrnida: Poytaxtda ijara narxlarining qanday oʼzgarayotgani, Oʼzbekistonda uy sotib olish uchun oʼrtacha qancha muddat talab etilishi va qaysi hududlarda koʼproq vaqt kerak boʼlishi, qaysi shaharlarda bu koʼrsatkich nisbatan pastligi bilan "Iqtisodiy sharh" jurnalining 3-sonida tanishishingiz mumkin.

 

Xalilulloh HАMIDOV,

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi sektor mudiri