Oʻzbekiston Respublikasi “Oʻz arxiv” agentligi direktori U.Yusupov hamda janob Ko Kyu Chang boshchiligida Koreya Respublikasi Ichki ishlar va xavfsizlik vazirligi departament direktori Yom Xyun Suk xonim va Koreya Milliy arxivi direktori katta oʻrinbosari Li Gem Ma xonim oʻrtasida uchrashuv oʻtkazildi. Uchrashuvda xorijiy tomonga Koreya Respublikasining Oʻzbekiston Respublikasidagi Elchixonasi vakillari hamrohlik qilishdi.

Mazkur uchrashuvda tomonlar Koreya Milliy arxivi bilan arxiv ishi sohasida 2016-yil 17-avgustda imzolangan hamkorlik memorandumi qoidalari asosida oʻrnatilgan doʻstona munosabatlar, jumladan, shu kunga qadar hamkorlikda amalga oshirilib kelinayotgan loyihalar va qoʻshma tadbirlar hamda boʻlgʻusida amalga oshirilishi lozim deb topilgan loyihalar toʻgʻrisida oʻzaro fikr almashdi.

Xususan, tomonlar arxiv ishi sohasida faoliyat yurituvchi malakali ekspertlar va mutaxassislar bilan oʻzaro almashinuvni yoʻlga qoʻyish, tomonlar tadqiqotchilariga davlat arxivlarida saqlanuvchi arxiv materiallarini tadqiq etish, ularning nusxalari bilan oʻzaro almashish, kelishilgan mavzular boʻyicha arxiv materiallarini chop etish, hujjatlar koʻrgazmalarini tashkil etish, hamkorlikda ilmiy-amaliy konferensiya va seminarlarni oʻtkazish, malaka oshirish boʻyicha oʻquv dasturlarni qayta tiklash borasida takliflar bildirildi.

Tadbir doirasida koreyalik mehmonlarga Oʻzbekiston Milliy arxivi faoliyati bilan yaqindan tanishish maqsadida qisqa ekskursiya tashkil etildi.