Uchrashuv chogʻida Oʻzbekiston-Koreya hamkorligining bugungi kun tartibi, erishilgan kelishuvlarning bajarilishi, shuningdek, boʻlajak tadbirlarga tayyorgarlik holati muhokama qilindi.
Eksimbank, Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA), Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot jamgʻarmasi (EDCF), Iqtisodiy taraqqiyotga koʻmaklashish jamgʻarmasi (EDPF) kabi Koreya moliya institutlarining toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalari va mablagʻlari hisobidan taʼlim, sogʻliqni saqlash, infratuzilma, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va boshqa sohalarda qator loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilganligi qayd etildi.
Bugungi kunda Koreya kompaniyalari bilan birgalikda Oʻzbekistonda qiymati 14 milliard dollardan ziyod 100 yaqin investitsiya loyihalari amalga oshirilyapti. Oʻzbekiston iqtisodiyotiga kiritilgan toʻgʻridan-toʻgʻri Koreya investitsiyalari hajmi 7 milliard dollardan oshdi.
Soʻnggi besh yil ichida Oʻzbekistonda Koreya kapitali ishtirokidagi korxonalar soni ikki baravar koʻpaydi (1-iyun holatiga – 900ta).
Mamlakatlar oʻrtasidagi oʻzaro savdo hajmini faollashtirishga ham eʼtibor qaratildi. Soʻnggi besh yil ichida tovar aylanmasi ikki baravarga oshdi va 2021-yilda 1,8 milliard dollarga yetdi. Joriy yil birinchi choragi yakunlariga koʻra, ushbu koʻrsatkich 51 foizga (630,4 million dollar) oshdi. Tomonlar ikki mamlakat rahbariyati tomonidan belgilangan maqsadlarga erishish va oʻzaro savdo hajmini 2025-yilga qadar 5 milliard dollarga yetkazish boʻyicha saʼy-harakatlarni faollashtirishga kelishib oldilar.
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Koreya Iqtisodiyot va Moliya vazirligi hamda ikki mamlakat diplomatik vakolatxonalari oʻrtasida bugungi kunda amalga oshirilayotgan hamda istiqbolli loyihalarni monitoring qilish, Koreyaning Taraqqiyot maqsadlarida rasmiy yordam dasturi (ODA) orqali hayotga joriy etilayotgan loyihalarni muvofiqlashtirishga qaratilgan hamkorlikning yangi mexanizmlarini joriy etish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida muhokama qilingan barcha masalalarni ilgari surishni jadallashtirish maqsadida faol muloqotni davom ettirishga kelishib olindi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.