Oʻzbekiston Korrupsiyani qabul qilish indeksida 5 pogʻonaga yuqoriladi

    Bugun Transparency International xalqaro nodavlat tashkiloti tomonidan Korrupsiyani qabul qilish indeksining 2023-yil natijalari eʻlon qilindi.

    180 ta davlat orasida Oʻzbekiston 33 ball bilan 121-oʻrinni egalladi. Ahamiyatlisi, mamlakatimiz ballarini 2 taga oshirib, reytingdagi oʻrnini 5 pogʻonaga yaxshilashga (2022-yilda 126 oʻrin) erishdi.

    Oʻzbekiston mazkur indeksda soʻnggi 7-yil davomida oʻsish surʻatlarini qayd etayotgan (2017-yilda 22 baldan 2023-yilda 33 ballgacha) davlat sifatida eʻtirof etilgan.

    Bu boradagi ijobiy oʻzgarishlar sifatida normativ-huquqiy hujjatlarda belgilab berilgan vazifalarni amalga oshirishga qaratilgan turli aksilkorrupsiyaviy tartib-taomillarning ishlab chiqilgani, vazirlik va idoralarda korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tizimlari samarali joriy etilgani qayd etilgan.

    Shunigdek, korrupsiyaviy jinoyatlar sodir etgan mansabdor shaxslarga nisbatan qatʻiy javobgarlik choralari qoʻllanilgani ham alohida taʻkidlangan.