Kongressda kriket bo'yicha bajarilayotgan ishlar sarhisob qilinib, kriket rivojlanayotgan mamlakatlarning ICC ga a'zolik masalalari ham ko'rib chiqildi. Quvonarlisi, ushbu kongressda O'zbekiston kriket federatsiyasi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar muhokamaga qo'yildi va bir ovozdan xalqaro kriket kengashining a'zoligiga qabul qilindi. SHunday qilib O'zbekiston kriket federatsiyasi ICC a'zolik ro'yxatiga 106-davlat sifatida qabul qilindi.

— Avvalambor, mustaqil va yangi O'zbekiston farzandi sifatida aytishim mumkinki, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev sa'y-harakatlari bilan bugun har sohada, jumladan, jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish uchun yaratilayotgan imkoniyatlar beqiyos, — deydi O'zbekiston kriket federatsiyasi raisi Aziz Mixliyev. — Shu bois, sportchilarimiz yurtimiz bayrog'ini dunyo arenalarida ko'z-ko'z qilmoqda. O'zbekiston kriket federatsiyasi ham Xalqaro kriket kengashi a'zosiga aylandi va ushbu munosabat bilan barcha yurtdoshlarimizni, sportchilarimizni muborakbod etaman. Umid qilamanki, O'zbekiston kriketchilari ham yaratilayotgan keng imkoniyatlardan foydalanib, xalqaro musobaqalarda vatanimiz sharafini munosib himoya qiladi.

Eslatib o'tamiz, ICCning Osiyo mamlakatlarida kriketni rivojlantirish bo'limi boshlig'i, oliy toifali xalqaro ekspert Iqbol Sikander va ICCning moliyalashtirish ishlari menejeri Nitesha Kotariy 11-13-iyul kunlari Toshkentda bo'lib, O'KF faoliyati bilan yaqindan tanishgan, xulosalarini ICC rahbariyatiga taqdim etgan edi.

Ilhom Rahmonov