Kecha Oʻzbekiston kubogi yarim final oʻyinlari boʻlib oʻtdi. Kubokning amaldagi gʻolibi “Nasaf” oʻz maydonida Samarqandning “Dinamo” klubini qabul qilib, 2:1 hisobida gʻalaba qozondi. Mezbonlar vakili Azizbek Amonov dublga erishgan boʻlsa, samarqandliklarning yagona goliga  Vohidjon Oqboʻtayev mualliflik qildi.

Olmaliqda oʻtgan ikkinchi  uchrashuvda mahalliy  OKMK  Namanganning “Navbahor” jamoasi bilan uchrashdi. Bahsning asosiy vaqtida jangovar durang qayd etildi – 2:2. Birinchi boʻlimda  mehmonlar hujumchisi Jamshid Iskandarovning goliga mezbonlar legionerlari Ruben Sanches va Martin Boakye javob berishdi. Ikkinchi boʻlimda esa OKMK futbolchisi Akrom Komilov oʻz darvozasiga gol  urib qoʻydi.

 Qoʻshimcha boʻlimlarda darvozalar daxlsiz qoldi. Penaltilar seriyasida esa omad mezbonlarga kulib boqdi – 4:3.

Shunday qilib, mamlakat kubogining finalida “Nasaf” va OKMK uchrashadi. Final 12-noyabr kuni Qarshi shahrida boʻlib oʻtadi.