“Davlatimiz rahbari tomonidan soʻnggi yillarda “Yangilanayotgan Oʻzbekiston” shiori ostida olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlarda turizm, madaniyat va sport sohalari ham tub yangilanish bosqichidan oʻtib, mamlakatimizning iqtisodiy taraqqiyoti va xalqimiz farovonligi uchun oʻz hissasini qoʻshib kelmoqda. Oʻz navbatida, ushbu sohalardagi, ayniqsa turizm sohasi rivojlanishining asosiy koʻrsatkichlaridan biri boʻlgan aholi bandligini taʼminlash choralari va yaratilayotgan minglab ish oʻrinlari, ish beruvchi va xodimlar oʻrtasidagi mehnat munosabatlarining jadal shakllanib borishi bugungi uchrashuvimizning asosiy sabablaridan deb hisoblayman. Oʻzbekiston taʼlim, fan va madaniyat xodimlari kasaba uyushmasidan ajratib chiqarish yoʻli bilan Oʻzbekiston madaniyat, sport va turizm xodimlari kasaba uyushmasini tashkil etish toʻgʻrisidagi qarorga kelinishi tobora safi kengayib borayotgan ushbu sohalardagi mehnat munosabatlaridagi nizolarni barvaqt oldini olish va xodimlarning huquqlarini himoya qilishdagi muhim qadam hisoblanadi”, - dedi Bosh vazir oʻrinbosari.
Shu bilan birga, Oʻzbekiston Prezidenti topshirigʻiga muvofiq, turizm, madaniyat va sport sohalaridagi islohotlarning samaradorligini oshirish hamda oʻzaro hamkorlikni rivojlantirish maqsadida Bosh vazir oʻrinbosari rahbarligida Turizm, madaniyat va sport masalalari boʻyicha qoʻshma hayʼati tashkil etilgani qoʻshimcha qilindi.
Qurultoyda maʼlum qilinishicha, tizimda mavjud sihatgohlarni qayta taʼmirlash va yangilarini barpo etish boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirilgan, mehnat jamoalarining sifatli dam olishi va ularning farzandlariga qulaylik yaratish maqsadida tizimda qator turistik kompaniyalar tashkil etilgan, Toshkent, Samarqand, Urganch va Xiva shaharlarida mehmonxona va bolalar oromgohlari barpo etilib, bugungi kunda foydalanib kelinmoqda. Shuningdek, Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi kengashining bevosita koʻmagida Rossiya va Belarusdagi turli kasaba uyushmalari vakillarining Oʻzbekistonga tanishtiruv turlari tashkil etilgani alohida eʼtirof etilib, ular tomonidan kelgusida mehnat jamoalarining diyorimizga sayohati kutilayotgani qayd etildi.
“Bugungi kunda mamlakatimizda 260 ming kishi bevosita turizm sohasida ish bilan band va hozirgi pandemiya davrida ularning manfaatlarini himoya qilish va ularga zarur yordam koʻrsatishda kasaba uyushmalarining oʻrni katta. Qolaversa, soʻnggi vaqtlarda yurtimizda yangidan yangi zamovaniy sayohat va dam olish maskanlari, davolanish komplekslari ochilmoqda. Kasaba uyushmalari tomonidan ishchilarining shu joylarga yoʻnaltirilishi ham turizm sohasi rivoji uchun katta hissa qoʻshib kelmoqda. Bundan tashqari, kasaba uyushmalarimiz xalqaro yoʻnalishda - MDH davlatlari, ayniqsa Rossiya, Belarus kabi mamlakatlardagi hamkor kasaba uyushmalari, yirik ishlab chiqarish uyushmalari va boshqa jamoat tashkilotlari aʼzolarini Oʻzbekistonda dam olish, davolanish va salomatliklarini tiklash uchun jalb qilishga doir katta ishlarni amalga oshirib kelmoqda. Shu nuqtayi nazardan, kasaba uyushmalari bizning muhim hamkorlarimiz hisoblanadi, bu kabi hamkorlik aloqalarini yana-da kengaytirishga tayyormiz!” - dedi Aziz Abduhakimov.
Pandemiyadan boshqa sohalarga nisbatan koʻproq zarar koʻrgan turizm sohasini ichki turizm oqimlari orqali tiklash bugun oldimizdagi dolzarb masalalardan hisoblanadi. Bunda, albatta, mehnat jamoalarini oʻz qoshida birlashtira oladigan kasaba uyushmalari Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasining asosiy hamkorlaridan biri hisoblanadi. Soʻz soʻngida Aziz Abduhakimov kasaba uyushmalari vakillarini mehnat jamoalarining Oʻzbekiston boʻylab (karantin qoidalariga rioya qilgan holda) tizimli sayohati amalga oshirilishida hamda sayyohlarga xizmat koʻrsatuvchi 20 dan ortiq soha xizmatchilarining qayta ish bilan taʼminlanishiga hissa qoʻshishga chorladi.