Bugun Xalqaro media-xolldagi tadbirlar doirasida “Oʻzbekiston madaniyatlar va sivilizatsiyalar chorrahasi: tarix va bugungi kun” mavzusida davra suhbati boʻlib oʻtdi. Unda madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov ham ishtirok etib vazirlikda soʻnggi besh yil davomida amalga oshirilgan ishlarga toʻxtalib, quyidagilarni alohida taʼkidladi: Maʼlumki, soʻnggi besh yilda madaniyat va sanʼat sohasida bir qator islohotlar amalga oshirildi.

Xususan, sohaga oid 4 ta Qonun, 35 ta Prezident Farmon va Qarorlari, Vazirlar Mahkamasining 98 ta qaror va farmoyishlari qabul qilindi. Mustaqil Oʻzbekiston tarixida ilk bor Madaniy faoliyat va madaniyat tashkilotlari toʻgʻrisidagi Qonun qabul qilindi. Shuningdek, soha xodimlari maqomini oshirish maqsadida 15-aprelʼ Madaniyat va sanʼat xodimlari kuni etib belgilandi. Respublika baxshichilik sanʼati markazlari, uning huzuridagi Baxshichilik sanʼatini rivojlantirish jamgʻarmasi hamda baxshichilik ansambllari, oʻzbek milliy maqom sanʼati markazi, hududlarda namunaviy maqom ansambllari, Yunus Rajabiy nomidagi Oʻzbek milliy musiqa sanʼati instituti tashkil etildi.

Bundan tashqari, Oʻzbekiston davlat filarmoniyasi, Oʻzbekiston Teatr arboblari uyushmasi, Xalqaro festivallar direksiyasi, Bahor davlat raqs ansambli faoliyati ham yoʻlga qoʻyildi. Soʻnggi yillarda poytaxt va viloyat teatrlarida ham koʻplab ijobiy ishlar amalga oshirildi. Taʼmirtalab teatr binolari kapital taʼmirdan chiqarildi, yangi binolar qurib, foydalanishga topshirildi.

Davlat teatrlari tomonidan 2016-2021-yillarda 66 ta xorijiy, 508 ta mahalliy gastrollar amalga oshirildi va teatr ijodiy va texnik xodimlari Xitoy Xalq Respublikasining Pekin shahriga va Rossiya Federatsiyasiga tajriba almashish va malaka oshirishga yuborildi. 2016-2019-yillarda 4 ta nomoddiy madaniy meros obyektlari YUNESKOning Insoniyat nomoddiy madaniy merosi reprezentativ roʻyxatiga kiritildi.

Navroʻz va Palov madaniyati va anʼanalari (2016-yil), atlas va adras toʻqish (2017-yil), Xorazm raqsi lazgi (2019-yil) nomoddiy madaniy meros obyektlari shular jumlasidandir. Respublikamizdagi 71 ta bolalar musiqa va sanʼat maktablariga Oʻzbekiston Respublikasi xalq artistlari hamda Xizmat koʻrsatgan artistlar rahbar etib tayinlandi.

Bugun Uchinchi Renessans nomi madaniyat va sanʼat sohasida ham tizimli islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu borada Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasiga Oʻzbekistonda va xorijda xalqaro madaniy loyihalarni yoʻlga qoʻyish, mamlakatning moddiy va nomoddiy madaniy merosini saqlash, zamonaviy sanʼatni rivojlantirish hamda mumtoz sanʼat va anʼanaviy hunarmandchilikni qoʻllab-quvvatlash kabi vazifalar belgilangan. Jamgʻarma Oʻzbekistonda doimiy ravishda madaniyat, sanʼat, adabiyot, teatr, musiqa, arxitektura va xoreografiyani rivojlantirishga qaratilgan loyihalarni ilgari surib kelmoqda.

Shuningdek, Jamgʻarma tomonidan Oʻzbekiston muzeylari renovatsiyasi yagona dasturi amalga oshirilmoqda. Dastur doirasida muzeylar infratuzilmasi takomillashtirilmoqda, mavjud kolleksiyani boyitish va restavratsiya qilishda, kadrlar salohiyatini oʻstirishda innovatsiyalar joriy etilmoqda Madaniyat sohasidagi bu kabi tashabbuslar yaqinda Xiva shahrida oʻtkazilgan Markaziy Osiyo jahon sivilizatsiyasi chorrahasida forumida xalqaro ilmiy hamjamiyat tomonidan yuqori baholandi.

Xulosa qilib aytish mumkinki, madaniyatlar va sivilizatsiyalar chorrahasi boʻlgan, bugun esa yangi Oʻzbekistonga aylanayotgan yurtimiz taraqqiyotiga madaniyat sohasidagi tub oʻzgarishlar ham sezilarli hissa qoʻshmoqda. Buni davra suhbatida soʻz olgan Oʻzbekistondagi islom sivilizatsiyasi rahbari Sh.Minovarov, EOAVMA raisi F.Abduholiqov va boshqalar ham aytib oʻtdilar.

Munojat Moʻminova,

Yangi Oʻzbekiston muxbiri