6-avgustda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi ko‘magida o‘zbekistonlik ishlab chiqaruvchilar Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining 3-Maslahat uchrashuvi doirasida «Turkmanboshi» (Turkmaniston) Xalqaro portida o‘tkazilgan Markaziy Osiyo mamlakatlarining ko‘p tarmoqli ko‘rgazmasida ishtirok etdi. Ko‘rgazmada Turkmaniston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikistondan kelgan tadbirkorlar ham qatnashdilar.

Infratuzilmaviy ob’ektlarni hisobga olgan holda ko‘rgazmaning umumiy maydoni 8,6 ming kvadrat metrni tashkil etdi. Unda O‘zbekiston mahsulotlarini mamlakatimizning oziq-ovqat, to‘qimachilik, charm-poyabzal, elektrotexnika, kimyo, farmatsevtika va zargarlik sanoati, qurilish materiallari ishlab chiqarish va avtomobilsozlik sanoati kabi 9 ta yetakchi tarmoqlarining korxonalari namoyish etdi.

Ko‘rgazmada jami 55 nafar mahalliy ishlab chiqaruvchilarning mahsulotlari namoyish etildi. Jumladan, «O‘zsanoatqurilishmateriallari» Uyushmasi yuqori sifatli tom yopish materiallari, marmar mahsulotlari, bo‘yoq va lok-bo‘yoq mahsulotlari, alyumin-kompozit panellari, steklopaketlar, rangli vitraj oynalari, gipskarton, quruq qurilish qorishmalari, santexnika mahsulotlarini taqdim etdi.

«O‘zavtosanoat» AJ korxonalari ko‘rgazma ishtirokchilariga zamonaviy mahalliy yo‘lovchi avtomobillari, avtobuslar, samosvallar, maxsus transport vositalari (tez yordam, o‘t o‘chirish yordami, yig‘im-terim mashinalari), konteyner tashuvchilar va mobil sovutgichlar, tijorat yuk mashinalari, traktorlar, kombaynlar, osma va tirkama texnika vositalarini namoyish etdi.

Elektronika va texnika ishlab chiqaruvchilari televizorlar, konditsionerlar, maishiy texnika, mobil telefonlar, maishiy texnikada ishlatiladigan alyuminiy va mis kabel hamda sim mahsulotlari, mis quvurlari va zamonaviy liftlarning so‘nggi modellarini namoyish etish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Ilg‘or ilmiy ishlanmalar asosida yaratilgan yuqori texnologiyali tibbiy asbob-uskunalar, sun’iy o‘pka shamollatish apparatlari, mahalliy dori vositalari, jumladan, kovidga qarshi dori-darmonlar kabi farmatsevtika sanoati mahsulotlari tashrif buyurganlarning alohida e'tiborini tortdi.

Ko‘rgazma davomida boshqa mamlakatlardan tashrif buyuruvchilar va ishlab chiqaruvchilar O‘zbekiston korxonalari mahsulotlariga katta qiziqish bildirdilar. Tadbir bevosita biznes aloqalarni yo‘lga qo‘yish, qo‘shma sanoat kooperatsiyasi loyihalarini amalga oshirish va o‘zaro manfaatli savdo shartnomalarini tuzishni nazarda tutgan holda amaliy hamkorlik istiqbollarini muhokama qilish uchun platforma bo‘lib xizmat qildi. Tarmoq vazirliklari va idoralari rahbarlari va ekspertlari qo‘shni mamlakatlardan bo‘lajak hamkorlarni O‘zbekiston sanoatining investitsiyaviy va sanoat salohiyati bilan tanishtirdilar hamda aniq qo‘shma loyihalarni ishlab chiqish maqsadida ularning ayrimlari bilan amaliy hamkorlik bo‘yicha kelishuvlarga erishdilar, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.