Oʻzbekiston Markaziy banki may oyida 11 ta bankka nisbatan jarima sanksiyasini qoʻlladi

    Markaziy bankning Bank nazorati qoʻmitasi joriy yilning may oyidagi yigʻilishlarida (7-marta) 47 ta masalani koʻrib chiqdi va ular boʻyicha tegishli qarorlar qabul qildi.

    Bu haqda regulyator matbuot xizmati xabar berdi.

    Koʻrib chiqilgan masalaning 36 tasi roʻyxatga olish va ruxsat berish yoʻnalishida, xususan, 2 tasi kredit tashkilotlari ustaviga kiritilgan oʻzgartirishlarni roʻyxatdan oʻtkazish, 2 tasi kredit tashkilotlarining ustav fondidagi ulushiga egalik qilish uchun ruxsat berish, 2 tasi mikromoliya tashkilotlari faoliyatini amalga oshiruvchi tashkilotlar reyestriga kiritish, 13 tasi mikromoliya tashkilotlariga berilgan litsenziyalarni qayta rasmiylashtirish, 2 tasi toʻlov tashkilotlariga berilgan litsenziyani chaqirib olish, 2 tasi mikromoliya tashkilotlarini hisob roʻyxatiga olish hamda tijorat banklari kuzatuv kengashi va boshqaruvi aʼzolari, shuningdek, 13 tasi muhim ahamiyatga ega xodimlarining nomzodlarini koʻrib chiqish bilan bogʻliq.

    Oʻtkazilgan oʻrganishlar natijasida aniqlangan qoidabuzarliklar uchun 3 ta bank chora va sanksiyalar qoʻllanilishi toʻgʻrisida ogohlantirildi.

    Amaldagi qonunchilik va Markaziy bank talablariga rioya qilinmagani va aniqlangan qoidabuzarliklar uchun 11 ta bankka nisbatan jarima sanksiyalari qoʻllanildi.

    Shuningdek, bitta mikromoliya tashkilotida oʻtkazilgan inspeksiya tekshiruvi natijasida aniqlangan qoidabuzarliklar uchun jamiyatning kreditlash operatsiyalarini amalga oshirish faoliyati uch oy muddatga cheklangan.

    Aniqlangan kamchiliklarni tuzatish, tegishli choralarni koʻrish, oʻrnatilgan prudensial normativlarga amal qilish, bank faoliyatida mavjud zaifliklarni bartaraf etish va moliyaviy holatini sogʻlomlashtirish boʻyicha tegishli koʻrsatmalar berilgan.