Oʻzbekiston Markaziy Osiyo mintaqasidagi munosabatlarni rivojlantirishda katta salohiyatga ega

    Fikr 17 Iyul 2021 1188

    Ozarbayjon xalqaro aloqalarni tahlil qilish markazi boshqaruv kengashi raisi Farid Shafiyev 15−16-iyul kunlari Toshkent shahrida “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy bogʻliqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusidagi yuqori darajadagi xalqaro konferensiya doirasida Oʻzbekistonning mintaqadagi roli xususida oʻz fikrlarini bildirdi.

    Ekspert fikricha, soʻnggi yillarda Oʻzbekistonning tashqi siyosatida jiddiy transformatsion ijobiy oʻzgarishlar yuz beryapti. Islohotlarning har bir yoʻnalishi Markaziy Osiyodagi ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy jarayonlarni yana-da liberallashtirish va rivojlantirishga qaratilgan.

    Shu bilan birga, ozarbayjonlik mutaxassis Markaziy Osiyoda kechayotgan bunday tub islohotlar jarayonida Afgʻonistondagi siyosiy voqealar, Xitoy-AQSH aloqalaridagi oʻzgarishlarning mintaqaga taʼsirini chetlab oʻtishning iloji yoʻqligiga eʼtiborini qaratdi. Uning fikricha, qoʻshni davlatlardagi voqea-hodisalar va jahon siyosiy maydonidagi turli oʻzgarishlar mintaqa hayotiga oʻz taʼsirini oʻtkazadi. Ekspert Oʻzbekiston ushbu jarayonlarning barchasida faol rol oʻynashi va oʻzining qatʼiy pozitsiyasiga ega ekanini taʼkidladi.

    Shu nuqtayi nazardan, mazkur konferensiya doirasidagi Markaziy Osiyoning bugungi holati, Oʻzbekistonning mintaqada mavjud muammolarni hal qilishdagi roli, ushbu jarayonda yirik davlatlar va xalqaro institutlarning oʻrni xususidagi muhokamalar dolzarb ahamiyatga ega.

    Farid Shafiyev mazkur yirik xalqaro tadbir nafaqat mintaqadagi ayrim muammolarga yechim topishda, balki bu borada davlatlar oʻrtasidagi hamkorlikni yana-da kuchaytirishga muhim zamin yaratishiga shubha yoʻqligini bildirdi.

    Eslatib oʻtamiz, BMT shafeligida boʻlib oʻtgan yirik xalqaro tadbirda Afgʻoniston Islom Respublikasi prezidenti Ashraf Gʻani, Pokiston Islom Respublikasi bosh vaziri Imron Xon, Yevropa ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati boʻyicha oliy vakili, Yevrokomissiya vitse-prezidenti Jozep Borrel, AQSHning Afgʻoniston boʻyicha maxsus vakili Zalmay Xalilzod hamda bir qator xorijiy davlatlarning tashqi ishlar vazirlari va yuqori darajadagi vakillari, 40 dan oshiq davlatlar va 30 dan ortiq xalqaro tashkilotlar delegatsiyalari, nufuzli tadqiqot va tahliliy tuzilmalarning ekspertlari ishtirok etdi.