“Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari toʻgʻrisida”gi Qonunning 22-moddasiga muvofiq MDH ishtirokchi-davlatlarining sud-ekspertlik faoliyati sohasida muvofiqlashtiruvchi kengashni tashkil etish toʻgʻrisidagi bitim tasdiqlandi. Hujjat 2023-yil 13-oktyabrda Bishkek shahrida boʻlib oʻtgan MDH Davlat rahbarlari Kengashi yigʻilishida imzolandi.
MDH ishtirokchi-davlatlarda sud-ekspertlik faoliyati sohasidagi sheriklikni rivojlantirishning asosiy maqsadi obyektiv ilmiy asoslangan ekspertizalar va ekspert tadqiqotlarini oʻtkazish orqali fuqarolarning huquq va erkinliklari hamda oʻz davlatlari manfaatlarini himoya qilish muammolarini hal qilishdan iborat.
Muvofiqlashtiruvchi Kengash MDHning tarmoq hamkorligi organi sifatida sud ekspertizasi organlarining sud-ekspertlik faoliyatida oʻzaro hamkorlik hamda xalqaro tashkilotlar va ularning tuzilmalari bilan konstruktiv hamkorlikni tashkil etish va muvofiqlashtirishni taʼminlaydi.
Adliya vazirligi mazkur xalqaro shartnomani amalga oshirish uchun masʼul boʻlgan vakolatli organ etib belgilangan.
Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 11.06.2024-yildan kuchga kirdi.