Oʻzbekiston MDH Turizm Kengashi huzurida Tezkor munosabat bildirish guruhini tuzish tashabbusi bilan chiqdi

    MDH mamlakatlarining “Ishbilarmonlik tashabbuslari haftaligi” doirasida turizm boʻyicha onlayn forum boʻlib oʻtdi. Unda Oʻzbekiston Respublikasi nomidan Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi oʻrinbosari Ulugʻbek Azamov ishtirok etdi.

    Oʻzbekiston raisligi ostida oʻtgan mazkur forumda MDH Ijroiya qoʻmitasi, Ozarbayjon, Armaniston, Belarus, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Moldova, Rossiya Federatsiyasi, Tojikiston va Turkmaniston turizm maʼmuriyatlari, shuningdek MDH mamlakatlarining 50 dan ortiq sayyohlik kompaniyalari, uyushmalar va aviakompaniyalar vakillari ishtirok etishdi. Birinchi yalpi sessiyada forum ishtirokchilari Hamdoʻstlikka aʼzo davlatlar hukumatlari tomonidan COVID-19 pandemiyasining turizm sanoatiga salbiy taʼsirini yumshatish boʻyicha soha subyektlarini soliq imtiyozlari, kredit taʼtillari, subsidiyalar va boshqa shakllardagi kechiktirib boʻlmaydigan qoʻllab-quvvatlash choralari bilan taʼminlanganliklariga oid maʼlumotlar bilan tanishishdi.

    MDH Turizm boʻyicha Ijroiya Qoʻmitasi vakili Tatyana Kovaleva koronavirus tarqalishining oldini olish boʻyicha Oʻzbekistonda koʻrilayotgan chora-tadbirlarni, shuningdek, turizm faoliyati subyektlariga davlatning har tomonlama qoʻllab-quvvatlanayotganini yuqori baholadi. Ushbu forum MDHga aʼzo davlatlar oʻrtasida turistik sayohatni tiklash boʻyicha saʼy-harakatlarni birlashtirib, “soatlarni solishtirish” uchun juda dolzarb va samarali platformaga aylangani taʼkidlandi.

    Oʻz navbatida, MDHga aʼzo davlatlarning turizm departamentlari vakillari forum ishtirokchilariga oʻz mamlakatlaridagi turizm sohasining pandemiya holati va xalqaro turistik almashinuvni qayta boshlash rejalari toʻgʻrisida maʼlumot berishdi. Ikkinchi yalpi sessiyasida tadbirkorlik subyektlari va soha mutaxassislari bilan fikr almashildi. Armaniston, Belarus, Qozogʻiston, Oʻzbekiston va boshqa mamlakatlardan kelgan sayyohlik biznesi vakillari biznesni turizm sohasidagi yangi haqiqatlarga moslashtirishning muvaffaqiyatli holatlarini taqdim etishdi, ishtirokchilarni kelgusi turistik mavsum uchun mahsulotlar bilan tanishtirishdi. Shuningdek, forum ishtirokchilari sayyohlik biznesiga Hamdoʻstlik makonidagi sheriklar bilan birgalikda hamkorlikning yangi, barqaror oʻsish nuqtalarini topishda yordam berish maqsadida MDHga aʼzo davlatlarning turistik maʼmuriyatlari oʻrtasida saʼy-harakatlarni birlashtirish va tizimli, toʻgʻridan-toʻgʻri muloqotni oʻtkazishning dolzarb masalalarini koʻrib chiqishdi.

    Kombinatsiyalangan sayohat marshrutlarini ishlab chiqish maqsadida tadbir ishtirokchilari MDH Turizm Kengashiga aʼzo davlatlarning turistik maʼmuriyatlaridan, oʻz mamlakatlarining jalb qilingan vazirlik va idoralari bilan birgalikda Hamdoʻstlik davlatlari oʻrtasida xalqaro chegara punktlaridan turistik guruhlarining tez va qulay oʻtishini taʼminlash choralarini koʻrishni soʻrashdi. Bundan tashqari, ular sayyohlar uchun xavfsizlik darajasini oshirish va sanitariya-gigiyena meʼyorlariga rioya qilish masalalarini muhokama qilishdi. Sayyohlar uchun sanitariya xavfsizligi choralariga rioya qilishga doir talablarning birlashtirilishini, shuningdek, MDHga aʼzo davlatlarning “COVID-19” va boshqa epidemiyalarning yuqori xavfsizlik standartlariga muvofiqligini sertifikatlash masalalarini koʻrib chiqish taklif qilindi.

    Forum yakunlariga koʻra, sayyohlik biznesining manfaatlarini inobatga olgan holda, pandemiya va turizm sohasidagi vaziyat, xalqaro turistik sayohatlar uchun yangi talablar, shuningdek, yangi turistik mavsumga tayyorgarlik bilan bogʻliq muammolarni hal qilish maqsadida sayyohlik kompaniyalariga ishonchli maʼlumot olishlarini qoʻllab-quvvatlash uchun Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan MDH Turizm Kengashi huzurida turizm idoralarining masʼul rahbarlari darajasida tezkor munosabat bildirish guruhini yaratish tashabbusi ilgari surildi. Ushbu tashabbus MDH Ijroiya Qoʻmitasi, turizm idoralari vakillari va Forum ishtirokchilari tomonidan maʼqullandi va qoʻllab-quvvatlandi.

    Bundan tashqari, MDH Ijroiya Qoʻmitasi ushbu guruh ishini axborot bilan taʼminlash maqsadida sayyohlik biznesi vakillarining takliflar hamda savollarni toʻplash, MDH mamlakatlarida sayyohlik sohasining tiklanishi jarayoni va boshqalar haqida dolzarb maʼlumotlarni taqdim etish maqsadida rasmiy veb-saytida alohida axborot blokini tashkil etishga tayyor ekanligini bildirdi.