Bu haqda Football-Asian xabar berdi.

Nashrning maʼlum qilishicha, OʻFA avvalroq 2014-yilgi jahon chempionati gʻolibi Yoaxim Lyovga taklif bilan chiqqan edi. Biroq nemis mutaxassisi taklifni rad etdi. Shuningdek, Turkiya terma jamoasining sobiq murabbiyi Fatix Terim bilan ham muzokaralar olib borilgan, ammo u hali rozilik bermagan.

Endi eʼtibor portugaliyalik mutaxassis Paulu Bentuga qaratildi. 56 yoshli murabbiy nafaqat klub, balki milliy jamoalar darajasida ham katta tajribaga ega.

Paulu Bentu Portugaliyaning “Sporting” jamoasida murabbiylik faoliyatini boshlagan. Keyin Braziliyada “Kruzeyro”, Gretsiyada “Olimpiakos”, Xitoyda “Chunsin Lifan” klublarida ishlagan.

2010–2014-yillarda Portugaliya terma jamoasiga rahbarlik qilib, Yevro-2012 yarim finaliga yetakladi.

2018–2022-yillarda Janubiy Koreya terma jamoasini boshqarib, Qatardagi jahon chempionatida pley-offga chiqardi.

Soʻnggi yillarda BAA terma jamoasi bilan ish olib borgan.

Nashrning yozishicha, Bentu turli futbol maktablarida intizom va taktik tizimni joriy qila olgani bilan ajralib turadi. Agar u Toshkent bilan kelishuvga erishsa, bu uning global faoliyatidagi yangi bosqichga aylanishi mumkin.

“Hozircha muzokaralar davom etmoqda. Ammo uning nomzodi asosiylardan biri sifatida koʻrilayotgani Oʻzbekiston futbolining yangi maqsad va ambitsiyalarini yaqqol koʻrsatib turibdi”, deb yozdi nashr.