«O'zbekiston futzal federatsiyasi hamda murabbiy o'rtasida 2 yillik shartnoma imzolandi.
Mendes mamlakatimiz futzal ishqibozlariga yaxshi tanish. U muqaddam ikki bor O'zbekiston milliy terma jamoasini boshqargan: dastlab 2011-2012 yillarda, so'ng 2014-2017 yillarda. Uning rahbarligi ostida terma jamoamiz Osiyo chempionatida 2014 yilda bronza, 2016 yilda esa kumush medalni qo'lga kiritgan.
52 yoshli Xose Mariya Pazos Mendes — Pulpis 1974 yil 28 mart kuni Ispaniyaning Lugo shahrida tavallud topgan. Futzalchilik faoliyatini o'zining qadrdon shahri jamoalari — «Lugo» hamda «Autos Lobelle» klublarida darvozabon sifatida boshlagan.
1996 yilda klub rahbariyati bosh murabbiyni iste'foga chiqargach, ushbu lavozim Mendesga taklif etiladi. SHu tariqa u 22 yoshida o'yinchilik faoliyatini yakunlab, murabbiylik faoliyatini boshlaydi.
Ikki yillik faoliyatdan so'ng u boshqa klublardan takliflar oladi va «Melilya», «Kafe Kandelas Lugo», «Valensiya», Xorvatiyaning «Orkan», shuningdek, «Barsel» jamoalarida ishlaydi.
2008-2009 yillarda Tailand, 2010 yilda esa Vetnam milliy terma jamoasini boshqargan. SHundan so'ng uning O'zbekiston bilan bog'liq faoliyati boshlandi. Milliy jamoamizdan tashqari, 2016-2017 yillarda mamlakat chempioni «Ardus» klubida ham faoliyat yuritgan. Shuningdek, O'zbekiston yoshlar jamoasiga asos solib, qator iqtidorli futzalchilarni kashf etgan.
2019-2026 yillar davomida u yana Tailandda faoliyat olib bordi. Murabbiy sifatida ikki karra Osiyo kubogi vitse-chempioni, bronza medali sovrindori, shuningdek, klublar o'rtasidagi Osiyo chempionati hamda Osiyo kubok egalari kubogi g'olibi bo'lgan», – deyiladi federatsiya xabarida.