Oʻzbekiston Milliy universiteti huzurida Nazariy fizika instituti tashkil etiladi

    “Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti huzurida Nazariy fizika institutini tashkil etish toʻgʻrisida”gi Hukumat qarori (795-son, 17.12.2025-y.) qabul qilindi.

    Qarorga koʻra, Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti huzurida Nazariy fizika instituti tashkil etiladi.

    Quyidagilar Institutning asosiy vazifalari etib belgilandi, jumladan:

    • nazariy fizikaning kvant maydon nazariyasi, subatom fizikasi, nochiziqli fizika, gravitatsion maydon nazariyasi, kvant tarmoqlar va dinamik tizimlarning muammolari boʻyicha ilmiy anjumanlar tashkil etish;
    • oliy taʼlim tashkilotlarida iqtidorli talabalar va magistrantlarni ilmiy faoliyatga jalb etish orqali yuqori salohiyatli yosh nazariyotchi fiziklarni tayyorlashda oliy taʼlim tashkilotlariga koʻmaklashish;
    • fizika sohasida rivojlangan mamlakatlarda olib borilayotgan tadqiqotlarning ustuvor yoʻnalishlari va istiqbollari toʻgʻrisida tahliliy maʼlumotlar tayyorlash.

    Institutga quyidagi huquqlar beriladi:

    • boshqa ilmiy tashkilotlar, jamgʻarmalar, oʻquv muassasalari, shu jumladan, xalqaro va xorijiy tashkilotlar bilan birgalikda ilmiy tadqiqotlar oʻtkazish uchun shartnomalar tuzish;
    • ilmiy tadqiqotlar sohasida zarur axborotlarni, statistik, tahliliy va boshqa maʼlumotlarni davlat organlari va tashkilotlaridan soʻrash va bepul olish.