Muloqot chogʻida tomonlar savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, madaniy-gumanitar sohalardagi Oʻzbekiston – Misr hamkorligining bugungi kun tartibini hamda ikki tomonlama hamkorlikni yanada kuchaytirish chora-tadbirlarini muhokama qildilar.
Jumladan, qishloq xoʻjaligi, farmatsevtika, elektrotexnika, charm-poyabzal va toʻqimachilik sanoati sohalarida qoʻshma korxonalar tashkil etish imkoniyatlari koʻrib chiqildi.
Oʻzaro savdo hajmini oshirish uchun keng imkoniyatlar mavjudligi taʼkidlandi. Birinchi yarim yillikda ikki mamlakat oʻrtasida tovar ayirboshlash hajmi ikki barobardan ziyod koʻpaydi, shu munosabat bilan tomonlar Oʻzbekiston va Misrda ishlab chiqarilgan mahsulotlarni ikki mamlakat bozorlariga yetkazib berishni oshirish boʻyicha aniq amaliy chora-tadbirlarni ishlab chiqishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
Tomonlar erishilgan kelishuvlarni oʻz vaqtida roʻyobga chiqarish hamda ikki tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlikning yangi yoʻnalishlarini ishlab chiqish uchun qoʻshma guruh tuzishga kelishib oldilar. Ikki tomonlama asosda oʻzaro savdoda mavjud toʻsiqlarni bartaraf etish va kelgusida hayotga tatbiq etiladigan eng istiqbolli loyihalarni aniqlash boʻyicha takliflar ishlab chiqish ishlari amalga oshiriladi.
Uchrashuv yakunida ikki tomonlama savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni faollashtirish, shuningdek, har ikki mamlakat ishlab chiqaruvchilari oʻrtasida sanoat hamkorligini kuchaytirish maqsadida ikki mamlakat biznes hamjamiyatlarini bir-biriga yaqinlashtirish vazifasi qoʻyiladigan Oʻzbekiston -Misr biznes Kengashini tuzish toʻgʻrisida kelishuvga erishildi.
Shuningdek, yaqin vaqt ichida savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha Oʻzbekiston -Misr Hukumatlararo komissiyasining navbatdagi yigʻilishi va ikki mamlakatning yirik kompaniyalari vakillari ishtirokida biznes-forum oʻtkazish masalalari muhokama qilindi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.