O'zbekiston mudofaa vaziri Bahodir Qurbonov Turkiyaga tashrif buyurdi

    23-noyabr kuni O'zbekiston Respublikasi mudofaa vaziri general-leytenant Bahodir Qurbonov boshchiligidagi delegatsiya Turkiyaga tashrif buyurdi.

    Mazkur tashrif ikki davlat rahbarlarining o'zaro do'stlik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlash, mamlakatlarimiz o'rtasidagi ko'p qirrali hamkorlikni kengaytirish masalalari doirasida tashkil etildi.

    Dastlab mehmonlarni faxriy qorovul ishtirokida rasmiy kutib olish tadbiri bo'lib o'tdi. Harbiy orkestr tomonidan ikki davlat madhiyasi ijro etildi. Kutib olish marosimidan keyin Bahodir Qurbonov dastlab faxriylar kitobida dastxat qoldirdi.

    Shundan so'ng muzokaralar davom ettirildi. Muzokaralar avvalida O'zbekiston mudofaa vaziri Bahodir Qurbonov Istanbulda sodir bo'lgan teraktlar munosabati bilan halok bo'lganlar oilasiga chuqur hamdardlik bildirdi, jarohatlanganlarning tezroq sog'ayib ketishiga tilak bildirdi. Muzokaralarda mudofaa vazirlari O'zbekiston va Turkiya davlatlarini bir-biri bilan chambarchars bog'lab turuvchi jihatlarga alohida to'xtalib o'tishdi hamda harbiy sohada ikki tomonlama hamkorlikning bugungi holati, istiqboliga, shuningdek harbiy tayyorgarlik, ta'lim va texnik ta'minot masalalari ham alohida e'tibor qaratishdi.

    Muzokaralardan so'ng ikki davlat Mudofaa vazirligi rahbarlari O'zbekiston hamda Turkiya o'rtasida harbiy va harbiy-texnik hamkorlikni rivojlantirish to'g'risidagi bitimni imzoladilar. Turkiya va O'zbekiston o'rtasida harbiy hamkorlik to'g'risidagi bitim imzolanganidan so'ng vazirlar matbuot uchun qo'shma bayonot berdi.