Shuningdek, yurtimizdagi rasmiy diniy sayt va ijtimoiy tarmoqlardagi maʼlumotlarni mutolaa qilish yoki ulashish javobgarlikka sabab boʻlishi haqida ham vahima uygʻotuvchi yolgʻon xabarlar keng muhokamalarga sabab boʻlmoqda.
Taʼkidlash kerakki, ijtimoiy tarmoqlarda aholi orasida sarosimaga soluvchi shunday notoʻgʻri xabarlar tarqatish amaldagi qonunchilikka muvofiq javobgarlik keltirib chiqaradi.
2021-yil 5-iyuldagi “Oʻzbekiston Respublikasining Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida”gi qonuniga asosan, eʼtiqod erkinligi kafolatlangan. Shunga koʻra, fuqarolar dinga eʼtiqod qilish, diniy rasm-rusumlar va marosimlarni oʻtkazish hamda oʻz dinining taʼlimotlarini oʻrganish haq-huquqiga egadir.
Shunga binoan moʻmin-musulmonlar uchun zarur boʻlgan diniy masalalar rasmiy elektron manbalar orqali keng yoritib borilmoqda. Oʻzbekiston musulmonlari idorasining rasmiy veb-saytlari, masjid-madrasalar, iqtidorli imom-xatiblarning sayt va ijtimoiy tarmoq sahifalarini mutolaa qilish hamda ulardagi maʼlumotlarni yaqinlariga ulashish mumkin, jumladan, juma tabriklarini ham tarqatishga ruxsat etilgan. Bularga hech qanday taʼqib yoʻq.
Rasmiy va yetakchi elektron manbalar roʻyxati ilova qilindi.
Shuningdek, Islom maʼrifatini tarqatish, xalqimizga dinu diyonatni yetkazish va yoshlarni ilmu maʼrifatli qilish ziyolilar, xususan din peshvolarining eng muhim vazifasi ekanligi taʼkidlanadi.
Shu maʼnoda, musulmonlarga rasmiy, ishonchli ijtimoiy tarmoqlardagi diniy-maʼrifiy mazmundagi barcha maʼlumotlarni mutolaa qilishlari hamda yaqinlariga ulashishlari mumkinligi aytiladi.
Oʻz navbatida, idora buzgʻunchi oqimlar gʻoyalarini oʻziga jalb etuvchi musiqiy ohang, fotosurat yoki ramzlar orqali zimdan tarqatilishiga qarshiligini bildirgan. Ekstremistik gʻoyalarni har qanday shaklda hoh juma tabrigi boʻlsin, hoh boshqacha atribut yoki surat shaklida boʻlsin, ularni tarqatish, saqlash va foydalanish qonunan taʼqiqlanishi eslatilmoqda.
Maʼlumot uchun, ishonchli va foydali sayt va kanallar:
- “Qurʼoni karim va tajvid” kanali
- “Ilm va odobga oid hadislar sharhi” kanali
- OʻMIning rasmiy kanali
- Fatvo markazi kanali
- Muftiy hazratlarining rasmiy kanali