Oʻzbekiston musulmonlari idorasi oʻzbekistonliklarni Rossiya-Ukraina urushida qatnashmaslikka chaqirdi

    Dolzarb 23 Sentabr 2022 1775

    Aslida musulmon kishining oʻz vatanini himoya qilishdan boshqa har qanday harbiy harakatlarda ishtirok etishi sharʼan joiz boʻlmaydi.

    Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Rossiya va Ukraina kabi urush kechayotgan yerlarda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimizga turli vaʼdalar, fitna chaqiriqlarga aldanmaslikka chaqirdi.

    "Ayrim terrorchi tashkilot vakillari esa paytdan foydalanib, “jihod” daʼvosi ostida turli xunrezliklarga chaqiriq bilan chiqmoqda. Aslida musulmon kishini oʻz vatanini himoya qilishdan boshqa har qanday harbiy harakatlarda ishtirok etishi sharʼan joiz boʻlmaydi. Bu haqda mazhabimizning buyuk olimlaridan biri Imom Muhammad “As-Siyarul-kabir” kitobida aytadilar: “Musulmonlar gʻayridinlar bilan birlashib, boshqa gʻayridin jamoaga qarshi urushishi joiz emas”, deganlar.

    Ushbu urushga “jihod” nomini berish jaholatdan boshqa narsa emas. Chunki Islom shariatida jihod uchun belgilab qoʻyilgan oʻziga xos shart va talablar mavjud. Agar shartlar topilmasa, u hech qanday jihod hisoblanmaydi. Balki u Islomda harom qilingan urush boʻladi. Bunda ishtirok etganlar Allohning shariatiga qarshi chiqqan shayton askarlari qatorida boʻladi. Unda oʻldirganlar qotil, oʻlganlar esa gunoh uzra jon bergan bogʻiylar boʻladi."

    Taʼkidlanishicha, bugungi kunda kurashlar, ziddiyatlar, dunyoni qayta taqsimlashga qaratilgan oʻyinlar avj olgan bir vaziyatda zulm va istibdod, terror va buzgʻunchiliklar, axloqsizlik va maʼnaviy inqirozlar har qachongidan xatarli tus olmoqda. Shuning uchun bugungi kunning musulmon kishisi har qachongidan koʻra ogoh va hushyor boʻlishi darkor. Xususan, insoniyat taraqqiyotiga tahdid solayotgan turli boʻhronlar va notinchliklar paytida turli fitnalarga aralashmasligi lozim.

    Bu kabi fitnalarga aralashish sharʼan harom hisoblanadi. Qolaversa, amaldagi qonunchiligimizda ham xorijiy mamlakatlarning harbiy tuzilmalari, noqonuniy diniy tashkilotlar va terrorchi guruhlar tarkibiga aʼzo boʻlish taʼqiqlangan.

    "Hadisi sharifda shunday marhamat qilinadi: Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Paygʻambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar: “Yaqinda fitnalar boʻladi. U paytda oʻtirgan turgandan yaxshidir, u paytda turgan yurgandan yaxshidir, u paytda yurgan yugurgandan yaxshidir. Kim fitnaga kirishsa halokat yoqasiga keladi, kim fitna payti panohgoh yoki saqlanadigan joy topsa u bilan saqlansin!” (Imom Buxoriy rivoyati).

    Xulosa qilib aytganda Islom dini ikki jamoa oʻrtasida urush boshlansa, ulardan biriga qoʻshilib, uni alangalatishga emas, balki tinchlikka erishishga chaqiradi. Shundan kelib chiqib, biz vatandoshlarimizni turli aldamchi targʻibotlarga uchmaslikka, fitnalardan yiroq boʻlishga daʼvat etamiz", deyilad Oʻzbekiston musulmonlari idorasining Fatvo markazi bayonotida.