Shu munosabat bilan turizmga ixtisoslashgan bir necha nufuzli nemis nashrlari respublikamiz sayyohlik salohiyatiga bagʻishlangan maqolalar eʼlon qildi. Nemis nashrlarida taʼkidlanishicha, betakror tarixiy yodgorliklari va goʻzal tabiati bilan mashhur boʻlgan Oʻzbekiston bugungi kunda Germaniya, Avstriya va Shveysariya kabi nemiszabon mamlakatlarning (DACH mintaqasi) turizm bozoriga shaxdam qadamlar bilan kirib kelmoqda.
Afsonaviy Ipak yoʻlida joylashgan Oʻzbekiston YUNESKOning Butunjahon merosi roʻyxatiga kiritilgan Samarqand, Buxoro, Xiva va Toshkentdagi madaniy boyliklari, maftunkor landshafti va mehmondoʻst xalqi bilan nemis tilida soʻzlashuvchi sayyohlar eʼtiborini oʻziga jalb qilib kelmoqda.
Qayd etilishicha, Oʻzbekiston Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi DACH mintaqasi bilan sayohat sohasidagi hamkorlikni yanada kengaytirishga katta eʼtibor bermoqda. Oʻzbek tomoni bilan erishilgan kelishuvga muvofiq, Germaniyaning taniqli turizm sohasi mutaxassisi Daliya Altuntepe endilikda Yevropa turizm bozorida Oʻzbekistonning sayyohlik imkoniyatlari borasida xabardorlikni oshirish va turoperatorlar hamda sayyohlik agentliklari bilan hamkorlikni faollashtirish missiyasini bajaradi.
DACH mamlakatlarida Oʻzbekistonning turizm vakolatxonasini tashkil etilishi mamlakatning nemiszabon turizm bozorlaridagi ishtirokini kuchaytirishga qaratilgan muhim qadam sifatida baholanmoqda. Ushbu strategik hamkorlik Oʻzbekiston turizm sohasini rivojlantirish va nemis tilida soʻzlashuvchi sayyohlarning yangi oqimini mamlakatga jalb etishda muhim omil boʻlishi muqarrar.
Taʼkidlanishicha, Daliya Altuntepe oʻzbek turizmi biznesida uzoq yillik tajribaga ega. Uning rahbarligida 2008-yildan buyon Oʻzbekiston va Markaziy Osiyo hududlariga turlar uyushtirish boʻyicha faoliyat yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, mamlakatimiz turizm salohiyatiga bagʻishlangan tadbirlar oʻtkaziladi.