O‘zbekiston OTMlari nufuzli reytingda

    ular osiyoning eng yetakchi universitetlari qatoridan joy egalladi

    QS (Quacquarelli Symonds World University Rankings) xalqaro reyting agentligi tashabbusi bilan Indoneziya poytaxti Jakartada “Osiyo-Tinch okeani mintaqasida oliy ta’limning yangi imkoniyatlari va dolzarb masalalar yechimi” mavzusida xalqaro sammit bo‘lib o‘tmoqda. Ishtirokchilar Osiyo-Tinch okeani mintaqasini rivojlantirish tendensiyalari, jumladan, oliy ta’lim tizimida o‘qitish sifatini oshirish va xalqaro miqyosda raqobatbardosh kadrlar tayyorlashda hamkorlikni yo‘lga qo‘yish kabi qator masalalarni muhokama qilmoqda.

    Sammit doirasida QS xalqaro reyting agentligining Osiyo-Tinch okeani mintaqasidagi oliy ta’lim muassasalari bo‘yicha reytingi ham e’lon qilindi. 2023 yil uchun Osiyodagi universitetlar reytingida mamlakatimizning 8 ta oliy ta’lim muassasasi ilk bor qit’aning eng yetakchi universitetlari mingtaligidan joy oldi. Bular TIQXMMI Milliy tadqiqot universiteti, O‘zbekiston Milliy universiteti, Toshkent davlat texnika universiteti, Toshkent moliya instituti, Samarqand davlat universiteti, Toshkent davlat agrar universiteti, Toshkent davlat pedagogika universiteti, Qoraqalpoq davlat universiteti.

    Mazkur reytingda Markaziy Osiyo davlatlari hamda rivojlanayotgan mamlakatlar oliy ta’lim muassasalari vakillari birinchi marotaba ishtirok etayotir. Bundan keyin Markaziy Osiyo hududiy reytingi bekor qilinib, unda joylashgan davlatlar oliy ta’lim muassasalari Osiyo universitetlari reytingi bilan bir qatorda tartiblanadi. Natijalar universitetlar uchun alohida yondashuv metodologiyasi asosida e’lon qilinadi. Bu yilgi reytingdan 757 ta universitetning natijasi joy olgan bo‘lib, 34 ta OTM yangi ishtirokchi hisoblanadi.

    Prezidentimizning 2021 yil 10 dekabrdagi “Iqtisodiyot tarmoqlari uchun muhandis kadrlarni tayyorlash tizimini innovasiya va raqamlashtirish asosida tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida TIQXMMI Milliy tadqiqot universitetini transformasiya qilish va kompleks rivojlantirish dasturini amalga oshirish hamda 2025 yilga qadar xalqaro tan olingan tashkilotlarning oliy ta’lim muassasalari reytingida birinchi mingtalik ro‘yxatiga kiritish vazifalari belgilangan edi.

    Quvonarlisi, qarorda belgilangan vazifalar ijrosi doirasida qilingan ishlar samarasi o‘laroq, TIQXMMI Milliy tadqiqot universiteti QS Asia University Rankings 2023da Osiyo-Tinch okeani mintaqasi universitetlari orasida 301-o‘rin, O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari orasida 1-o‘rinda qayd qilinib, 40 foizli eng ilg‘or universitetlar qatoridan joy oldi. O‘zbekiston Milliy universiteti ham Osiyo universitetlari reytingiga kirdi. Bu natijaga erishilgani bejiz emas. Davlatimiz rahbarining 2019 yil 8 oktyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, O‘zbekiston Milliy universiteti xalqaro reyting agentliklari bilan muntazam aloqa va hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan. QS xalqaro ekspertlari tomonidan tahlil qilinganda oliy ta’lim muassasasining natijalari “Xalqaro hamkorlik” reytingida 141-o‘rindaligi, bu universitetning eng kuchli jihati ekani alohida qayd etildi. Shuningdek, akademik salohiyati bo‘yicha 165, bitiruvchilariga ish beruvchilarning nufuziga ko‘ra 251+ o‘rinni egallab, umumiy reytingda 351-o‘rin bilan eng ilg‘or 500 universitet qatoridan joy oldi.

    Yangi O‘zbekistonning 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasida 2026 yilga qadar 10 ta salohiyatli oliy ta’lim muassasasini QS va THE xalqaro reytinglariga kirishga maqsadli tayyorlash, oliy ta’lim muassasalarining bu reytinglarga kirishi uchun maqsadli dastur ishlab chiqish belgilangan. Shuningdek, 10 ta salohiyatli oliy ta’lim muassasasini tanlash, salohiyati va o‘ziga xos xususiyatidan kelib chiqib, xalqaro reytinglarga kiritish bo‘yicha 5 yilga mo‘ljallangan maqsadli dasturlar ishlab chiqish va tasdiqlash ko‘zda tutilgan. Ana shu muhim vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida yurtimiz OTMlari nufuzli xalqaro reytinglarda munosib ishtirok etmoqda.

    Aytish joizki, har bir reyting turli shart va savollardan iborat bo‘lsa-da, ularning o‘ziga xos maqsad-muddaosi mavjud. Jumladan, QS Asia University reytingi universitetlarning ta’lim va ilmiy tadqiqot faoliyatidagi raqamlar muvofiqligi asosida sifatli o‘qitish jarayoni mavjudligini belgilaydi. Shu ma’noda, O‘zbekiston Milliy universitetining xalqaro reytinglardagi ko‘rsatkichi yuqorilayotgani mamlakatimizda ta’lim sohasidagi tizimli yangilanishlar samara berayotganini ko‘rsatadi.

    Raima SHIRINOVA,

    O‘zbekiston Milliy universitetining

    xalqaro aloqalar bo‘yicha prorektori