Oʻzbekiston oyiga 1 milliondan ortiq sayyohni qabul qilmoqda

    2025-yil aprel oyidan boshlab Oʻzbekiston har oyda 1 milliondan ortiq xorijiy turistlarni qabul qilmoqda.

    Mamlakat tarixida birinchi marta xorijiy sayyohlar soni rekord koʻrsatkichlarni namoyish etmoqda, deb yoziladi Turizm qoʻmitasi xabarida.

    Qayd etilishicha, shu yilning toʻqqiz oyida Oʻzbekistonga 8,6 milliondan ortiq xorijiy turist tashrif buyurdi. Bu esa oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 112,5 foizga koʻpdir.

    Ushbu koʻrsatkich davlatlar kesimida – 2025-yilda post-pandemik 2022-yilga nisbatan turistlar oqimining oʻsishi:

    • Britaniyadan 2,6 baravar,
    • Qatardan 6,2 baravar,
    • AQSHdan 3 baravar,
    • Fransiyadan 2,9 baravar,
    • Rossiyadan 2,1 baravar,
    • Vengriyadan 3,3 baravar,
    • Germaniyadan 2,5 baravar,
    • Polshadan 6,2 baravarga yetdi.

    Shuningdek, 2025-yilda turistik xizmatlar eksporti ham rekord darajaga — 3,6 milliard AQSH dollaridan oshdi.

    Mahalliy turizm sohasidagi mislsiz yutuqlar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev rahbarligida chuqur islohotlar va mamlakatning turistik salohiyatini yuzaga chiqarishga qaratilgan maqsadli saʼy-harakatlar natijasidir.

    Yetakchi jahon media platformalari bilan faol hamkorlik, xorijda keng koʻlamli road-showlar, xalqaro koʻrgazmalarda ishtirok etish va chet el ommaviy axborot vositalarida chop etilgan maqolalar Oʻzbekiston brendini global miqyosda sezilarli darajada mustahkamladi.