Oʻzbekiston va Ozarbayjon Mudofaa vazirliklari oʻrtasidagi harbiy hamkorlik rejasiga muvofiq, Qurolli Kuchlar Modellashtirish va simulyatsiya boʻyicha tadqiqotlar dala-oʻquv markazida “Noqonuniy qurolli tuzilmalarni cheklash, kuchsizlantirish va yoʻq qilish boʻyicha qoʻshinlar maxsus harakatini tashkillashtirish va olib borish” mavzusida ikki davlat harbiy boʻlinmalarining birgalikdagi “UZAZ—2023” kompyuter qoʻmondonlik-shtab oʻquvi oʻtkazildi.
Toshkent harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni rahbarligida 27-iyuldan 1-avgustga qadar tashkil etilgan oʻquv avvalida Ozarbayjon harbiy delegatsiyasi Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Modellashtirish va simulyatsiya boʻyicha tadqiqotlar dala-oʻquv markazi bilan yaqindan tanishtirildi. Shundan soʻng guruhlarning taktik vazifasi taqsimoti, dastlabki holat xaritasi va jang olib borishga oid boshqa maʼlumotlar yetkazildi hamda mashqning faol bosqichiga tayyorgarlik koʻrish boshlandi.
Oʻquv davomida chegarani buzib oʻtishga urinish va noqonuniy qurolli tuzilmalarga qarshi jang olib borish boʻyicha ikki davlat harbiylari oʻzaro fikr va malaka almashdi. Qurolli toʻqnashuvlarda harbiy harakatlar, maxsus guruh va batalyonning jangovar harakatlari nazariy va amaliy jihatdan koʻrib chiqildi.
Shuningdek, kun tartibiga muvofiq, Ozarbayjon delegatsiyasi Oʻzbekistonning diqqatga sazovor joylariga tashrif buyurdi.
Dastavval, Ozarbayjon harbiy xizmatchilari Toshkent shahrida joylashgan Haydar Aliyev barelyefi poyiga gul qoʻyishdi. Shunday soʻng “Gʻalaba bogʻi”, “Hasti Imom” majmuasi, “Shahidlar xiyoboni”, Temuriylar tarixi muzeyiga sayohat uyushtirildi.
Ikki davlat oʻrtasida hamkorlikda oʻtkazilgan kompyuter qoʻmondonlik-shtab oʻquvi samarali yakunlandi.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy
kommunikatsiyalar departamenti