Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov Ozarbayjon Madaniyat qoʻmitasi raisi, Milliy Majlis deputati, Oʻzbekiston-Ozarbayjon doʻstlik jamiyati aʼzosi Ganira Pashayeva, Ozarbayjon xalq artisti Gulyanag Mamedova va boshqa delegatsiya aʼzolari bilan uchrashdi.

Muzokara chogʻida oʻzbek milliy maqomi va Ozarbayjon mugʻom sanʼatini oʻrganish yuzasidan tadqiqot ishlari olib borayotgan olimlar bu ikki sanʼatning qayerda tutashganligini aniqlab, bir-biriga yaqin jihatlarini oʻrganib, har ikki davlatda targʻib qilish yuzasidan fikr-mulohazalar almashdilar. Shu bilan birga sanʼatkorlar va maqom sanʼatidan dars beruvchi oʻqituvchilarning hamkorligini yoʻlga qoʻyish masalasi muhokama etildi.

Shuningdek, uchrashuv chogʻida har ikki davlatda bir-birining sanʼatini targʻib qiluvchi kutubxona tashkil etish taklifi bildirildi.

Samimiy ruhda boʻlib oʻtgan uchrashuv davomida har ikki tomon uchun ham soha rivojiga xizmat qiluvchi samarali takliflar va fikr-mulohazalar bildirildi.