Oʻzbekiston, Qozogʻiston va Ozarbayjon Respublikalari oʻrtasida “Yashil yoʻlak” loyihasi doirasida taʼsis shartnomasi imzolandi, deb xabar bermoqda Energetika vazirligi matbuot xizmati.
Oʻzbekiston, Qozogʻiston va Ozarbayjon Respublikalari oʻrtasida “yashil” energiya ishlab chiqarish va uzatish sohasidagi hamkorlik aloqalari kengaytirilmoqda.
2024-yilning 27-dekabr kuni Oʻzbekiston, Qozogʻiston va Ozarbayjon Davlat rahbarlari tomonidan 2024-yil 13-noyabr kuni imzolangan Oʻzbekiston, Qozogʻiston va Ozarbayjon Respublikalari oʻrtasida “yashil” energiya ishlab chiqarish va uzatish» loyihasi boʻyicha bitimni amalga oshirish maqsadida mamlakatlarning tizim operatorlari (Oʻzbekiston Respublikasidan — “Oʻzbekiston milliy tarmoqlari” AJ, Qozogʻiston Respublikasidan — “KEGOC” AJ, Ozarbayjon Respublikasidan — “Azerenerji” OAJ) tomonidan taʼsis shartnomasi imzolandi.
“Yashil yoʻlak” deb ham ataladigan ushbu loyihaning amalga oshirilishi Yevropa Ittifoqining “Yashil bitim” kabi yangi tashabbuslarini hisobga olgan holda savdo imkoniyatlarini oshiradi.
Ushbu loyiha energetika tizimlarimiz barqarorligini mustahkamlashga yordam beradi, shuningdek, “yashil” investitsiyalar orqali issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirish boʻyicha ekologik maqsadlarimizga katta hissa qoʻshadi.
Maʼlumot uchun: tomonlar Ozarbayjonning Boku shahrida loyihani amalga oshirish boʻyicha qoʻshma korxona tashkil etish taklifini qabul qildilar. Xususan, “CESI” kompaniyasi loyihaning texnik-iqtisodiy asoslarini tayyorlash uchun konsalting kompaniyasi sifatida ishtirok etadi.