Shu kunlarda oziq-ovqat xavfsizligi global indeksi (GFSI) e'lon qilindi. Ushbu reyting Corteva Agriscience ko'magida ishlab chiqilgan va Economist Intelligence Unit tomonidan har yili tuziladi.
GFSI 113 mamlakatda oziq-ovqatning mavjudligi, sifati va xavfsizligi, shuningdek, tabiiy resurslar va barqarorlik masalalarini hisobga olgan. Tahlil natijalariga ko'ra, GFSIning 2019-yildan 2022-yilgacha bo'lgan umumiy reytingida O'zbekiston 12 pog'onaga ko'tarilib, joriy yilda 113 ta o'rindan 73-o'ringa loyiq topildi. Shu tariqa, mamlakatimiz 2019-2022-yillarda oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlashda jadal rivojlanishga erishgan 10 ta davlat orasida birinchi o'rinni egalladi.
Prognozlash va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti ekspertlari tomonidan 2019-2022-yillarda Global oziq-ovqat xavfsizligi indeksida O'zbekiston pozitsiyalaridagi o'zgarishlar tahlili o'tkazildi. Unga ko'ra, O'zbekiston “Iqtisodiy qulaylik” toifasi bo'yicha 18 ta o'ringa yuqoriladi. “Sifat va xavfsizlik” toifasi bo'yicha esa 3 ta o'ringa. “Barqarorlik va moslashuv” bo'yicha 36 ta o'ringa.
Kelgusida O'zbekistonning reytingdagi o'rnini yaxshilash uchun ichki bozorda oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berish hajmini oshirish, import ta'minotini diversifikatsiya qilish, oziq-ovqat bo'yicha milliy tavsiyalarni ishlab chiqish, oziq-ovqat mahsulotlarini majburiy markalashni joriy etishni jadallashtirish zarurligi aytilmoqda.