AQSH Davlat departamenti vakili Morgan Ortagus oʻzining “Twitter” va “Instagram” ijtimoiy tarmoqlaridagi rasmiy sahifalarida oʻzbek oshi uchun oʻz minnatdorligini yozib qoldirdi.
U AQSH Davlat departamentidagi boshqa hamkasblari singari, AQSHning tegishli idoralari, Vashingtondagi diplomatik korpus vakillari, ishbilarmon va madaniy doiralar namoyondalari ishtirokida Oʻzbekiston mustaqilligining 29 yilligi munosabati bilan mamlakatimizning AQSHdagi elchixonasida tayyorlangan bayram palovidan tatib koʻrdi.
Morgan Ortagus oʻzining “Twitter” (454 ming obunachi) va “Instagram” (6 ming) ijtimoiy tarmoqlaridagi sahifalarida: “Mustaqillik kuni! Kecha men Kolumbiya okrugida joylashgan Oʻzbekiston elchixonasidagi oʻzbek doʻstlarimizdan guruchdan tayyorlangan milliy taom — mazali palovni yana bir bor tanovul qildim. Joriy yil boshida Oʻzbekistonga tashrifim chogʻida ham men bu mazali taomni tatib koʻrgan edim. Shu bois Kolumbiya okrugida Oʻzbekiston taʼmini his etish menga katta zavq bagʻishladi”.
Elchixona xabariga koʻra, barcha mehmonlar “Amerika poytaxtida Oʻzbekistonning milliy gastronomik brendini tatib koʻrish imkoniyati” uchun samimiy minnatdorlik bildirdi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.