Tadbir Oʻzbekiston va Pokiston ishbilarmon doiralarining oʻzaro yaqinlashishi hisobiga Pokiston biznesi bilan mushtarak manfaatlarning yangi kesishmalarini aniqlashga va ikki mamlakat oʻrtasidagi iqtisodiy hamkorlikning eng istiqbolli yoʻnalishlarini belgilashga qaratilgan toʻgʻridan-toʻgʻri muloqotni oʻrnatish uchun imkoniyatlar yaratdi.

Oʻzbekiston va Pokiston ishbilarmon doiralarining istiqbolli tarmoqlarda hamkorlikni kengaytirishga boʻlgan qiziqishi tobora ortib borayotgani, shuningdek, qoʻshma loyihalarni amalga oshirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratilgani qayd etildi. Ushbu sharoitlar bir tomondan Pokiston kompaniyalarining yuqori darajadagi sanoat va texnologik rivojlanganligi, ikkinchi tomondan Oʻzbekiston iqtisodiy salohiyat va katta isteʼmol bozorining mavjudligi, shuningdek, mamlakatda xorijiy investorlar uchun yaratilgan qulay muhit hisobiga shakllangan. Shu bilan birga, Oʻzbekiston hududidan nafaqat MDH mamlakatlari bozorlariga, balki 2021-yilda Yevropa Ittifoqining “GSP+” Preferensiyalar bosh tizimining benefitsiar maqomini olgan mamlakat sifatida, Yevropaga ham toʻgʻridan-toʻgʻri eksport qilish imkoni borligi taʼkidlandi. Shuning hisobiga, Oʻzbekistonda pokistonlik sarmoyadorlar ishtirokidagi korxonalar soni soʻnggi 5 yil ichida qariyb 6 baravar koʻpaydi. Ishbilarmon doiralar kimyo, toʻqimachilik, farmatsevtika va boshqa sohalarda muvaffaqiyatli ish olib bormoqda.

Oʻzbekiston delegatsiyasi rahbari Hukumatning bozor islohotlarini chuqurlashtirish, xususiy kapitalni huquqiy himoya qilish mexanizmlarini mustahkamlash hamda mamlakat hududlari va tarmoqlarining investitsiyaviy va sanoat salohiyatini rivojlantirishni ragʻbatlantirishga qaratilgan izchil ishlarni davom ettirishga qatʼiy niyati borligini bildirdi. Umuman olganda, bu Pokiston ishbilarmon doiralarining Oʻzbekiston bozorida ishtirokini kengaytirishga yordam beradi.

Suhbatda qishloq xoʻjaligi, mashinasozlik, yengil sanoat, farmatsevtika, qurilish materiallari ishlab chiqarish, elektrotexnika va boshqa sohalarda investitsiyaviy hamkorlik va sanoat kooperatsiyasini yanada rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar va foydalanilmagan zaxiralar ochib berildi.

Oʻzbekiston tomoni, shuningdek, pokistonlik tadbirkorlarni Oʻzbekistonda loyihalarni amalga oshirishda hamda yuzaga keladigan barcha masalalarni hal etishda Hukumat ularni tizimli va har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga tayyor ekanligiga ishontirdi.

Tadbir davomida Pokiston tomonidan qatnashgan ishtirokchilar ham soʻzga chiqib, oʻz biznesi va ishlab chiqarishining oʻziga xos xususiyatlari haqida soʻzlab berdilar va oʻzbek tadbirkorlari bilan sanoat kooperatsiyasi va savdo munosabatlarni yoʻlga qoʻyish istiqbollari haqida fikrlari bilan oʻrtoqlashdilar. Shuningdek, ular u yoki bu sohada xorijiy investorlarni jalb etish uchun yaratilgan shart-sharoitlar va investorlarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha amalga oshirilayotgan tadbirlar toʻgʻrisida savollar berish imkoniga ega boʻldilar. Tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari savollarga atroflicha javob berdilar, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.