Muzokaralar kun tartibiga investitsiyalar, oʻzaro savdo, sanoat kooperatsiyasi va transport-logistika kabi sohalarda ikki tomonlama hamkorlikka oid keng koʻlamli masalalar kiritildi.

Pokiston Respublikasi Bosh vazirining 2021-yil iyuldagi Oʻzbekistonga tashrifi chogʻida erishilgan kelishuvlarning amalga oshirilishi atroflicha koʻrib chiqildi. Qoʻshma loyiha va tashabbuslarni ilgari surish borasida erishilgan yutuqlar muhokama etildi, har bir yoʻnalishda mavjud boʻlgan masalalar koʻrib chiqildi va hal qilindi. Kelishilgan loyihalarni amalga oshirishni jadallashtirish maqsadida yaqin hamkorlikni davom ettirishga sodiqlik bildirildi.

Savdo aylanmasini oshirishda ikki davlat tomonidan erishilgan muvaffaqiyat qayd etildi. Jumladan, 2021-yil yakunlariga koʻra, oʻzaro savdo hajmi oʻtgan yilga nisbatan 46 foizga oshdi. Shu nuqtayi nazardan Imtiyozli savdo toʻgʻrisidagi bitim loyihasi boʻyicha olib borilayotgan ishlar oʻrganildi. Tomonlar hujjat yuzasidan kelishish hamda joriy yil davomida uning imzolanishini tezlashtirish maqsadida birgalikdagi saʼy-harakatlarni faollashtirishga qaror qildilar.

Oʻzbekiston tomoni Pokistonning Tranzit va savdo toʻgʻrisidagi bitimni ratifikatsiya qilganini olqishladi. Kelishuvni hayotga roʻyobga chiqarish mexanizmlarini muvofiqlashtirish maqsadida yaqin vaqt ichida ikki mamlakat transport va bojxona idoralari rahbariyati va ekspertlari oʻrtasida muzokaralar tashkil etishga kelishib olindi.

Investitsiyaviy hamkorlikni chuqurlashtirish, ikki mamlakat ishbilarmon doiralari oʻrtasidagi aloqalarni mustahkamlash, shuningdek, bank sohasida munosabatlarni yoʻlga qoʻyish borasidagi takliflar alohida koʻrib chiqildi. Hamkorlikning istiqbolli yoʻnalishlarini hamda oʻzaro manfaatli loyihalarni amalga oshirishni muhokama qilish maqsadida Pokiston kompaniyalari va tijorat banklari rahbarlari delegatsiyasining shu yilning fevral oyida mamlakatimizga tashrifini tashkil etishga kelishib olindi.

Transport va logistika sohasida qoʻshma loyihalarni amalga oshirish bilan bogʻliq masalalar ham koʻrib chiqildi. Xususan, “Termiz – Mozori-Sharif – Kobul – Peshovar” temir yoʻlini qurish loyihasini amalda joriy etish boʻyicha navbatdagi tadbirlar muhokama qilindi. Bundan tashqari, ikki mamlakat oʻrtasida ikki tomonlama yuk va yoʻlovchi tashishni yanada faollashtirish dolzarbligi qayd etildi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.