Forumning ochilish marosimida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov hamda Pokiston Islom Respublikasi Bosh vazirining savdo va investitsiyalar masalalari boʻyicha maslahatchisi Abdul Razzoq Dovud soʻzga chiqdi. Delegatsiyalar rahbarlari ikki davlat oʻrtasida turli soha va tarmoqlarda hamkorlik tobora kengayib borayotganini, shu nuqtai nazardan, Oʻzbekiston va Pokiston ishbilarmon doiralari oʻrtasidagi aloqalarni chuqurlashtirish dolzarbligini taʼkidladilar.
2021-yilda tovar ayirboshlash hajmini 50 foizga koʻpaytirishga erishilganligi, joriy yilning ikki oyi davomida esa oʻzaro savdo hajmi oʻtgan yilgi koʻrsatkichdan 70 foizga oshgani maʼlum qilindi. Investitsiyaviy hamkorlikdagi muvaffaqiyatlar ham alohida taʼkidlandi, jumladan, soʻnggi besh yil ichida Oʻzbekistonda faoliyat koʻrsatayotgan Pokiston kapitali ishtirokidagi korxonalar soni qariyb 6 baravar koʻpaydi.
Qoʻshma investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish va ikki tomonlama savdoni jadallashtirishni nazarda tutgan holda ikki mamlakat hukumatlarining Oʻzbekiston va Pokiston tadbirkorlari oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri hamkorlikni yoʻlga qoʻyish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish borasida faol hamkorlik qilishga tayyorligi taʼkidlandi. Qishloq xoʻjaligi, toʻqimachilik, farmatsevtika va kimyo sanoati, qurilish materiallari ishlab chiqarish va boshqa sohalarda investitsiyaviy va savdo hamkorligini oshirish borasida ulkan salohiyat borligi qayd etildi.
Forum davomida ikki mamlakat vazirliklari, idoralari, tarmoq birlashmalari va yirik kompaniyalari rahbarlari tomonidan taqdimotlar oʻtkazilib, unda hamkorlik salohiyati atroflicha ochib berildi va kelgusida oʻrganish uchun istiqbolli loyihalar taklif etildi. Hamkorlikning amaliy jihatlari va qoʻshma loyihalarni amalga oshirishni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash mexanizmlari “G2B” va “B2B” tarzida boʻlib oʻtgan muzokaralar chogʻida muhokama qilindi.
Tadbir yakunida Oʻzbekiston va Pokiston delegatsiyalari rahbarlari iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirish, mustahkam ishbilarmonlik aloqalarini oʻrnatish, qoʻshma loyiha va tashabbuslarni amalga oshirishda investor va tadbirkorlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga sodiqliklarini bildirdilar.
Forum natijalari boʻyicha umumiy qiymati 797 million dollarlik savdo shartnomalari va qoʻshma loyihalarni amalga oshirish boʻyicha ikki tomonlama bitimlar imzolandi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.