Oʻzbekiston Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik va vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi (TMMA) delegatsiyasi Polshaning Kelse shahrida boʻlib oʻtgan Meva ishlab chiqaruvchilar iqtisodiy forumida qatnashdi. Ushbu forumda har yili Yevropaning eng yirik kompaniyalar rahbarlari, shuningdek, ish beruvchilar ishtirok etadi.
Polshadagi mehnat bozori muammolariga bagʻishlangan alohida sessiyada Oʻzbekiston delegatsiyasi rahbari – TMMA xalqaro hamkorlik boʻlimi boshligʻi Jahongir Rustamov maʼruza qildi.
Polsha ishbilarmon doiralari vakillari Oʻzbekiston mehnat bozorining boy salohiyati, TMMA faoliyati, xavfsiz, tashkiliy va qonuniy mehnat migratsiyasi tizimi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan atroflicha tanishdilar. Mehnat muhojirlarini munosib, maoshli ish oʻrinlari bilan taʼminlash, toʻplangan ish tajribasidan qaytganidan keyin Oʻzbekiston ravnaqi yoʻlida foydalanishga hukumat eʼtibor qaratayotgani alohida taʼkidlandi.
Oʻz navbatida, mamlakatimizning Varshavadagi elchixonasi vakillari Oʻzbekiston tomoni Polsha bilan ushbu sohadagi masalalarni birgalikda muhokama qilish va yuzaga kelgan tashkiliy masalalarni tezkorlik bilan hal etishdan manfaatdor ekanligini maʼlum qildilar. Tadbir ishtirokchilari Oʻzbekiston elchixonada boʻlib oʻtadigan migratsiya masalalariga bagʻishlangan davra suhbatiga taklif etildi.
Ochiq bahs-munozaralar davomida polshalik tadbirkorlar mamlakatlar yoshlarining Germaniya, Fransiya, Buyuk Britaniya kabi davlatlarga koʻp ketayotgani sababli ishchi kuchi yetishmasligini, bu esa tayyor hosilni yigʻib ololmaslik bilan bogʻliq katta yoʻqotishlarga sabab boʻlayotganini taʼkidladilar.
Polsha Bogʻbonlar uyushmasi raisi Vitold Pekarnik Oʻzbekistondan kelgan ishchilar haqida ijobiy fikr bildirib, ularni obroʻli, intizomli va mehnatkash sifatida tavsifladi. Shu bilan birga, viza olishda toʻsiqlar mavjudligi, bu migrantlarning Polshaga kelishini sezilarli darajada qiyinlashtirayotgani qayd etildi.
Borovka plantatsiyalari uyushmasi raisi Bartlomey Milcharek qishloq xoʻjaligi ishlari uchun ming nafar ishchi yetishmasligi maʼlum qildi. U ushbu oʻrinlarga Oʻzbekiston fuqarolarini qabul qilishga tayyorligini bildirdi.
Muhokamalar natijasida TMMA va Borovka plantatsiyalari uyushmasi oʻrtasida oʻzaro Anglashuv memorandumini imzolash boʻyicha kelishuvga erishildi.
Bundan tashqari, Bogʻbonlar uyushmasi tomonidan Polsha parlamentiga Oʻzbekistonni mamlakat mehnat bozoriga kirish osonlashtirilgan davlatlar roʻyxatiga kiritish boʻyicha tegishli murojaat yoʻllashi toʻgʻrisida kelishib olindi.