Tomonlar ikki tomonlama munosabatlarni, shu jumladan, parlamentlararo hamkorlikni va xalqaro parlamentlararo tashkilotlar doirasidagi o‘zaro aloqalarni rivojlantirish istiqbollarini muhokama etdi.

O‘zbekiston tomoni mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar haqida ma’lumot berdi, savdo-iqtisodiy va mintaqalararo hamkorlikni rivojlantirish sohasida hali foydalanilmagan katta salohiyat mavjudligini ta’kidladi.

O‘z navbatida, M.Kaminskiy O‘zbekistonga Polsha investitsiyalarini jalb etishda har tomonlama ko‘maklashishga tayyorligini bildirdi, Polsha mehnat migratsiyasi sohasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yishdan manfaatdor ekanini ta’kidladi. U Polsha parlamenti a’zolari Polsha-O‘zbekiston ko‘p qirrali hamkorlikni jadal rivojlantirish va mustahkamlashni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashiga hamda O‘zbekiston delegatsiyasining YeXHT PA tadbirlarida faol ishtirok etishiga ishontirdi.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha yaqin vaqt ichida «O‘zbekiston – Polsha» parlamentlararo do‘stlik guruhining navbatdagi majlisini tashkil etishga kelishib olindi.

Uchrashuvda, shuningdek, Seym deputati, «Polsha – O‘zbekiston» parlamentlararo do‘stlik guruhi rahbari P.Beyda, O‘zbekistonning Polshadagi Elchisi B.Babaev ham ishtirok etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.