– Tashqi siyosiy va iqtisodiy aloqalar sohasida soʻnggi besh yildagi saʼy-harakatlarimiz natijasida, mamlakatimizning xalqaro maydonda ochiq, ishonchli va tashabbuskor davlat sifatidagi maqomi va obroʻsi keskin oshdi.
Biz Markaziy Osiyo mintaqasida oʻzaro hamjihatlik va hurmat, yaqin qoʻshnichilik va strategik sheriklik ruhidagi yangi siyosiy muhitni yaratishga muvaffaq boʻldik. Oddiy fuqarolarimizni uzoq yillar qiynab kelgan koʻplab muammolar yechildi, doʻst va qardosh xalqlarimizning oʻzaro bordi-keldilari tobora kuchaymoqda.
Bu – bizning eng katta yutugʻimizdir.
Qoʻshnilarimiz bilan savdo hajmi besh yilda 5 barobar koʻpaydi, birgalikda yirik qoʻshma loyihalarni amalga oshirmoqdamiz. Mintaqa davlatlari yetakchilarining Maslahat uchrashuvlari muntazam oʻtkazilmoqda.
Bundan tashqari, dunyoning qudratli davlatlari va boshqa strategik hamkorlarimiz bilan yangi formatdagi amaliy aloqalar yoʻlga qoʻyildi.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari boʻyicha kengashida aʼzo sifatida faol qatnashmoqdamiz. Bu ijobiy jarayonlar xalqaro hamjamiyat tomonidan keng eʼtirof etilmoqda.
Yaqinda Toshkentda boʻlib oʻtgan Markaziy va Janubiy Osiyoning oʻzaro bogʻliqligiga bagʻishlangan sammit hamda Islom taraqqiyot banki anjumani ham, buning isboti boʻldi.
Biz, tizimli va puxta oʻylangan, pragmatik tashqi siyosiy va iqtisodiy diplomatiyamizni bundan keyin ham faol davom ettiramiz.
Avvalambor, Markaziy Osiyoda xavfsizlik, savdo-iqtisodiy, suv, energetika va transport, madaniy-gumanitar sohalardagi yaqin hamkorlikni sifat jihatidan yuqori bosqichga olib chiqamiz.
Kelgusi besh yilda oʻzaro savdo aylanmasi hajmi kamida 2 barobar oshiriladi. Sanoatda qoʻshimcha qiymat yaratish boʻyicha yaxlit zanjirlarni va kooperatsiyani mustahkamlaymiz. Transport sohasida tashqi savdo uchun, “yashil koridorlar” hamda tranzit imkoniyatlari kengaytiriladi.
Xalq diplomatiyasi tamoyilini, jumladan, ilm-fan, taʼlim, sogʻliqni saqlash, madaniyat, sport va turizm sohalaridagi aloqalarni kuchaytirish asosiy vazifalarimizdan biri boʻlib qoladi.
Shu maqsadda, Oʻzbekistonning Markaziy Osiyo boʻyicha mintaqaviy hamkorlik strategiyasini ishlab chiqamiz.
Rossiya, Xitoy va AQSH, shuningdek, Turkiya, Hindiston, Pokiston, Germaniya, Fransiya, Buyuk Britaniya, Janubiy Koreya, Yaponiya, Birlashgan Arab Amirliklari kabi anʼanaviy hamkorlarimiz bilan munosabatlarni yanada rivojlantirish, tashqi aloqalarimiz geografiyasini kengaytirishga ustuvor ahamiyat qaratamiz.
Bu yoʻnalishda, eng avvalo, iqtisodiy diplomatiyani kuchaytirishga alohida urgʻu beramiz. Yangi bozorlarni oʻzlashtirish, investitsiya va innovatsiyalarni keng jalb qilish, sayyohlar oqimini koʻpaytirish va eng muhimi – Oʻzbekiston imijini faol targʻib etish barcha diplomatik vakolatxonalarimizning asosiy vazifasiga aylanadi.
Ushbu masalalar hozirgi vaqtda ishlab chiqilayotgan Oʻzbekiston tashqi siyosiy va iqtisodiy faoliyatining yangilangan konsepsiyasida oʻz ifodasini topadi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.