O‘zbekiston Prezidenti O‘mon bilan hamkorlik salohiyatini samarali ro‘yobga chiqarish muhimligini qayd etdi

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Oʻmon Sultonligi tashqi ishlar vaziri Badr bin Hamad al-Busaydiy boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 15-aprel kuni “Markaziy Osiyo – Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi” formatidagi vazirlar strategik muloqotida ishtirok etish uchun mamlamkatimizga kelgan O‘mon Sultonligi tashqi ishlar vaziri Badr bin Hamad al-Busaydiy boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

    Tashqi ishlar vaziri davlatimiz rahbariga O‘mon Sulton Haysam bin Toriq Ol Saidning samimiy salomi va tilaklarini yetkazdi.

    Ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish, eng avvalo, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy sohalardagi salohiyatni samarali ro‘yobga chiqarish masalalari ko‘rib chiqildi.

    O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan qo‘shma investitsiya kompaniyasining loyihalar portfelini kengaytirish muhim ekani qayd etildi.

    Bank sohasini rivojlantirish, raqamli texnologiyalar, energetika, sanoat, qishloq xo‘jaligi, ta’lim kabi ustuvor yo‘nalishlarda yangi loyiha va dasturlarni amalga oshirish taklif qilindi.

    O‘zaro muloqotlarni va hamkorlikning institutsional mexanizmlarini faollashtirish – siyosiy maslahatlashuvlar, Hukumatlararo komissiya yig‘ilishlari, biznes forumlari va ko‘rgazmalarni muntazam o‘tkazib borish zarurligi ta’kidlandi.

    Mintaqaviy, shu jumladan 2011-yilgi Ashxobod kelishuvlari doirasidagi hamkorlik masalalari yuzasidan ham fikr almashildi.