Suhbat chogʻida Oʻzbekiston va Pokiston oʻrtasidagi oʻzaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.
Davlatimiz rahbari ikki mamlakatning amaliy hamkorligini izchil kengaytirishga xizmat qilayotgan faol muloqotlar va almashinuvlar, pandemiyaga qaramasdan, davom ettirilayotganini taʼkidladi. Tovar ayirboshlash hajmi ortib, yetakchi kompaniyalarning qoʻshma kooperatsiya loyihalari soni koʻpayib bormoqda.
Abdul Razzoq Dovud Oʻzbekiston Prezidentiga uchrashuv tashkil etilgani uchun samimiy minnatdorlik bildirdi hamda Pokiston Bosh vaziri Imron Xonning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.
Maslahatchi Afgʻoniston hududi orqali Markaziy va Janubiy Osiyoni eng qisqa yoʻl bilan bogʻlaydigan, Pokistonning dengiz portlariga chiqishni va ularning infratuzilmasi samarali ishga solinishini taʼminlaydigan temir yoʻl qurish loyihasini ilgari surish toʻgʻrisidagi tashabbus Pokistonda yuksak baholanib, qoʻllab-quvvatlanayotganini qayd etdi.
Ikki tomonlama iqtisodiy munosabatlarning boshqa dolzarb masalalari ham koʻrib chiqildi.
Avtomobil va havo transportida yuk tashishlarni rivojlantirish imkoniyatlarini koʻrib chiqish, preferensial savdo toʻgʻrisidagi bitimni tayyorlash, bojxona ishi sohasida tajriba almashish, ishbilarmonlar oʻrtasidagi muloqotni faollashtirish va ishbilarmonlik tadbirlarini oʻtkazish yuzasidan kelishuvlarga erishildi.
Oliy va yuqori darajadagi boʻlajak uchrashuv va muloqotlar rejasi kelishib olindi.