Oʻzbekiston Prezidenti Qozogʻiston Prezidentini tavallud kuni bilan tabrikladi

    17-may kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev bilan telefon orqali muloqoti boʻlib oʻtdi.

    Davlatimiz rahbari Qozogʻiston Prezidentini tavallud kuni bilan chin yurakdan tabriklab, unga mustahkam sogʻlik, baxt-saodat va muvaffaqiyatlar, qardosh qozoq xalqiga tinchlik va ravnaq tiladi. Qasim-Jomart Toqayevning Oʻzbekiston va Qozogʻiston oʻrtasidagi doʻstlik va yaxshi qoʻshnichilik munosabatlarini mustahkamlashga qoʻshgan katta shaxsiy hissasi alohida qayd etildi.

    Ikki davlat rahbarlari Oʻzbekiston-Qozogʻiston koʻp qirrali hamkorligini yanada kengaytirishga doir dolzarb masalalarni koʻrib chiqdilar. Xiva shahrida boʻlib oʻtgan amaliy uchrashuvdagi kelishuvlarning amalga oshirilishi va boʻlajak oliy darajadagi tadbirlar rejasi muhokama qilindi.

    Savdo-iqtisodiy hamkorlik loyihalarining yangi portfelini shakllantirish, biznes va hududlarni jalb qilgan holda sanoat, transport va logistika, energetika, qishloq xoʻjaligi sohalaridagi kooperatsiyani ilgari surishga alohida eʼtibor qaratildi. Faol madaniy-gumanitar almashinuvni davom ettirish muhimligi taʼkidlandi.