Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Saudiya-Oʻzbekiston Ishbilarmonlar kengashi raisi, “ACWA Power” kompaniyasi raisi Muhammad Abunayyan bilan uchrashuvida Saudiya Arabistonining yetakchi kompaniyalari bilan oʻzaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish masalalari koʻrib chiqildi.
Davlatimiz rahbari Oʻzbekistonda “yashil energetika” sohasida strategik investor hisoblangan “ACWA Power” kompaniyasi bilan samarali sheriklik jadal rivojlanib borayotganini katta mamnuniyat bilan qayd etdi. Bugungi kunga qadar umumiy qiymati qariyb 3 milliard dollarlik 4 ta loyiha muvaffaqiyatli amalga oshirilgan boʻlib, joriy loyihalar portfeli 15 milliard dollarni tashkil etmoqda.
Bundan tashqari, bugun bir qator qoʻshma loyihalarni ishga tushirish marosimi boʻlib oʻtdi: Buxoro viloyatida quvvati 500 megavatt boʻlgan 2 ta shamol elektr stansiyasi tarmoqqa ulandi, shuningdek, Samarqand viloyatida umumiy quvvati 1 gigavatt boʻlgan 2 ta quyosh elektr stansiyasi va Toshkent viloyatida 334 megavatt quvvatga ega energiya saqlash tizimi qurilishiga start berildi.
Uchrashuvda energetika, transport va kommunal infratuzilmani modernizatsiya qilish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish, toʻqimachilik sanoati, qishloq xoʻjaligi va boshqa ustuvor yoʻnalishlarda kooperatsiya loyihalarini amalga oshirishga alohida eʼtibor qaratildi.
Qoʻshma Ishbilarmonlar kengashi faoliyati doirasida Saudiyaning yetakchi kompaniyalarini mamlakatimizga jalb qilish borasidagi ishlarni kengaytirish muhimligi qayd etildi.