Oʻzbekiston Prezidenti Saudiya Arabistonining delegatsiyasini qabul qildi

    Hukumat 25 Yanvar 2021 6148

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 25-yanvar kuni Saudiya Arabistoni Podshohligi investitsiyalar vaziri Holid al-Falih boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

    Uchrashuvda Oʻzbekiston-Saudiya koʻp qirrali munosabatlarini yana-da mustahkamlashning dolzarb masalalari koʻrib chiqildi.

    Davlatimiz rahbari keyingi yillarda ikki tomonlama hamkorlik jadal rivojlanib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi.

    Xususan, pandemiyaga qaramay, ikki mamlakat davlat organlari va ishbilarmonlik doiralari darajasida faol muloqot olib borilmoqda. Investitsiyalar vaziri delegatsiyasi tarkibida Saudiya Arabistonining 30 ga yaqin yetakchi kompaniyalari rahbarlari Oʻzbekistonga tashrif buyurgani ham shundan dalolat beradi.

    Investitsiyalar vaziri Holid al-Falih Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirdi, Saudiya Arabistoni Podshohi Salmon Ol Saud va valiahd Muhammad Ol Saudning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

    Vazir Saudiya kompaniyalarining investitsiya loyihalari qoʻllab-quvvatlanayotgani va ularning mamlakatimizda samarali faoliyat yuritishi uchun yaratilgan qulay sharoitlar uchun samimiy minnatdorlik bildirdi.

    Delegatsiya tashrifi arafasida Buxoro shahrida qoʻshma biznes-forum muvaffaqiyatli oʻtkazilib, Ishbilarmonlik kengashini tashkil etish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi, yirik kooperatsiya loyihalarini amalga oshirish boʻyicha kelishuvlar imzolandi.

    Kecha Sirdaryo viloyatida “ACWA Power” korporatsiyasi ishtirokida quvvati 1200 megavatt boʻlgan zamonaviy issiqlik elektr stansiyasini qurish loyihasiga start berildi. Bundan tashqari, ushbu kompaniya tomonidan Buxoro va Navoiy viloyatlarida umumiy qiymati 1000 megavattli shamol elektr stansiyalari barpo etiladi.

    Umuman, mamlakatimizda Saudiya investitsiyalari ishtirokidagi qoʻshma korxona va loyihalar soni keyingi yillarda bir necha barobarga koʻpaydi.

    Muzokaralar chogʻida amaliy hamkorlikning aniq loyihalari muhokama qilindi.

    Energetika, neft-gaz, gaz-kimyo va kimyo, sanoat, qishloq xoʻjaligi tarmoqlarida, sogʻliqni saqlash, farmatsevtika sohalari va boshqa yoʻnalishlarda, shu jumladan davlat-xususiy sheriklik prinsiplarini joriy qilish asosida yangi loyihalarni tayyorlash va amalga oshirish yuzasidan kelishuvlarga erishildi.

    Qoʻshma dastur va loyihalarni moliyaviy qoʻllab-quvvatlash vositalarini rivojlantirish, jumladan, Oʻzbekistonda investitsiya kompaniyalari va mikromoliyaviy tashkilotlarni tuzish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

    Ushbu tashabbuslarni oʻrganish va ilgari surish maqsadida “yoʻl xaritasi”ni qabul qilib, amalga oshirish, hukumatlararo komissiya faoliyatini qayta tiklash, ustuvor loyihalar boʻyicha ishchi guruhlarni shakllantirishga kelishib olindi.