O‘zbekiston Prezidenti Turkiya bilan ko‘p qirrali hamkorlik salohiyatini samarali ishga solish muhimligini ta’kidladi

    Hukumat 2 Avgust 2022 5272

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2-avgust kuni “O‘zbekiston – Ozarbayjon – Turkiya” formatidagi birinchi vazirlar uchrashuvida ishtirok etish uchun Toshkent shahrida bo‘lib turgan Turkiya Respublikasi tashqi ishlar vaziri Mavlud Chavusho‘g‘li boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

    Turkiya delegatsiyasi tarkibida uchrashuvda savdo vaziri Mehmet Mush hamda transport va infratuzilma vaziri Odil Qoraismoilo‘g‘li qatnashdi.

    Ikki mamlakat o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish doirasida yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

    Uchrashuv avvalida vazir Mavlud Chavusho‘g‘li davlatimiz rahbariga Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘anning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi. Turkiya tomoni Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar va siyosiy yangilanishlar dasturini, shuningdek, mamlakatimizning, eng avvalo, mintaqada do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va ishonch munosabatlarini mustahkamlashga qaratilgan tashqi siyosatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlayotgani alohida ta’kidlandi.

    Tomonlar O‘zbekiston bilan Turkiya o‘rtasidagi keng ko‘lamli strategik sheriklik munosabatlari izchil rivojlanib, amaliy hamkorlik mustahkamlanib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdilar.

    O‘zaro savdo va investitsiyalar ko‘rsatkichlari jadal sur’at bilan o‘sib bormoqda, faol gumanitar almashinuvlar davom etmoqda.

    Ulkan hamkorlik salohiyatidan, shu jumladan hududlararo aloqalarni faollashtirish orqali samarali foydalanishga qaratilgan O‘zbekiston va Turkiya yetakchilarining kelishuv va qarorlarini amalga oshirishga alohida e’tibor berildi.

    Savdo, investitsiyalar, innovatsiyalar, energetika, sanoat, qishloq xo‘jaligi, transport va logistika, turizm va sog‘liqni saqlash sohalarida qo‘shma kooperatsiya loyihalari va dasturlarini tezlashtirish muhimligi qayd etildi.

    Davlatimiz rahbari yuqori martabali mehmonlarni O‘zbekiston, Ozarbayjon va Turkiya tashqi ishlar, savdo va transport vazirlarining birinchi uchrashuvi muvaffaqiyatli o‘tkazilgani bilan tabrikladi.

    Mintaqaviy kun tartibi, shu jumladan Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlik ta’minlanishiga ko‘maklashish hamda joriy yilning kuzida Samarqand shahrida o‘tkaziladigan Turkiy davlatlar tashkiloti sammitiga tayyorgarlik ko‘rish masalalari yuzasidan fikr almashildi.