O‘zbekiston Prezidenti Turkmaniston bilan strategik sheriklikni rivojlantirish uchun mavjud keng imkoniyatlarni qayd etdi

    Hukumat 24 Yanvar 2023 4004

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 24-yanvar kuni IHT Tashqi ishlar vazirlari kengashi tadbirlari doirasida Toshkent shahrida bo‘lib turgan Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi Raisining o‘rinbosari, tashqi ishlar vaziri Rashid Meredovni qabul qildi.

    Vazir Rashid Meredov davlatimiz rahbariga Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov va Xalq Maslahati Raisi, Millat Yetakchisi Gurbanguli Berdimuhamedovning samimiy salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi.

    Uchrashuvda 2022-yilning 14-15-iyul kunlaridagi Turkmaniston Prezidentining O‘zbekistonga davlat tashrifi va 21-22-oktabr kunlaridagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Turkmanistonga rasmiy tashrifi davomida erishilgan oliy darajadagi kelishuvlarni amalga oshirish jihatlari muhokama qilindi.

    O‘zbekiston-Turkmaniston strategik sheriklik munosabatlarini yanada chuqurlashtirish, iqtisodiyot, savdo, sanoat kooperatsiyasi, energetika, transport va logistika sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish, hududlararo aloqalar va madaniy-gumanitar almashinuvni faollashtirish masalalari ko‘rib chiqildi.

    Joriy yilning birinchi choragida qator qo‘shma tadbirlar – Hukumatlararo komissiya, Suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha qo‘shma komissiyaning navbatdagi yig‘ilishlari, tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi siyosiy maslahatlashuvlar, madaniy va boshqa tadbirlarning o‘tkazilishi kelishildi.

    Mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashildi. Bo‘lajak uchrashuvlar rejasi ko‘rib chiqildi.