Oʻzbekiston Prezidenti Turkmaniston Milliy yetakchisi bilan telefon orqali muloqot qildi

    Hukumat 15 Aprel 2023 4668

    15-aprel kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkmaniston Milliy yetakchisi, Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov bilan telefon orqali muloqoti boʻlib oʻtdi.

    Dastlab davlatimiz rahbari Gurbanguli Berdimuhamedovga ogʻir judolik - onasi Ogulabat edje Berdimuhamedova olamdan oʻtgani munosabati bilan chuqur hamdardlik va taskin-tasalli soʻzlarini izhor etdi, unga va barcha yaqinlariga sabr-toqat va bardosh tiladi.

    Suhbatda ikki tomonlama kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashildi.

    Oliy darajadagi kelishuvlar ijrosining borishi muhokama qilindi. Yil boshidan buyon oʻtgan ikki tomonlama muloqotlar – Hukumatlararo komissiya yigʻilishi, siyosiy maslahatlashuvlar, transport va madaniyat vazirlarining uchrashuvlari, diplomatik munosabatlar oʻrnatilgani 30 yilligi munosabati bilan oʻtkazilgan boshqa tadbirlarning samarali natijalari mamnuniyat bilan qayd etildi.

    Savdo-iqtisodiy, energetika va suv xoʻjaligi sohalaridagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

    Bundan tashqari, Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikning amaliy jihatlari koʻrib chiqildi.

    Oʻzbekiston-Turkmaniston strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash boʻyicha faol almashinuvlarni davom ettirishga kelishib olindi.

    Telefon muloqoti yakunida yetakchilar bir-birini va qardosh mamlakatlarimiz xalqlarini yaqinlashib kelayotgan Ramazon hayiti bilan dildan qutladilar.