O‘zbekiston Prezidenti va Fransiya Parlamentining quyi palatasi raisi parlamentlararo muloqotni rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildilar

    Hukumat 22 Noyabr 2022 4015

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 22-noyabr kuni Parijdagi Burbon saroyida Fransiya Milliy yig‘ini Raisi Yael Braun-Pive bilan uchrashuv o‘tkazdi.

    Parlamentlar o‘rtasidagi hamda ijtimoiy-siyosiy hayotni yanada demokratlashtirish bo‘yicha islohotlarni amalga oshirish borasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish yuzasidan fikr almashildi.

    Fransiya Milliy yig‘ini rahbari O‘zbekistonda, shu jumladan parlamentarizmni rivojlantirish, inson huquq va erkinliklarini ta’minlash va himoya qilish, gender tenglikni ilgari surish bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli demokratik yangilanishlarning borishini yuksak baholadi.

    Gender tenglikni ta’minlash jihatlariga alohida e’tibor qaratildi. O‘zbekiston bu borada katta muvaffaqiyatlarga erishgani, mamlakatimizda xotin-qizlar qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyat idoralarida, tadbirkorlik va ijtimoiy sohada munosib o‘rin egallayotgani qayd etildi.

    2022-yil sentabr oyida mamlakatimizda ilk bor jahon parlamentlari yetakchi ayollarining 14-sammiti o‘tkazildi. Yetakchi ayollarning rolini oshirish to‘g‘risida Toshkent deklaratsiyasi qabul qilindi.

    Uchrashuvda o‘lim jazosini bekor qilish, inson huquqlarining kafolatlarini kuchaytirish, ekologik muammolarni hal etish to‘g‘risidagi normalar va boshqa muhim qoidalarni mustahkamlab qo‘yish ko‘zda tutilgan konstitutsiyaviy islohotni amalga oshirishga tayyorgarlik borasidagi asosiy yondashuvlar muhokama qilindi.

    Parlamentlararo do‘stlik guruhining uchrashuvlarini o‘tkazish, BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi, Yevropa Parlamenti, Parlamentlararo ittifoq, YXHT Parlament assambleyasi doirasidagi hamkorlikni kuchaytirishga kelishib olindi.

    Uchrashuv yakunida Prezidentimiz Faxriy mehmonlar kitobida qayd yozib qoldirdi. Shuningdek, Fransiya Milliy yig‘ini Raisini o‘zi uchun qulay vaqtda tashrif bilan mamlakatimizga borishga taklif etdi.