Bu fikrlar davlatimiz rahbarining bugun, 2020-yil 12-avgust soat 13.00 da oʻz ishini boshlagan Inson huquqlari boʻyicha Samarqand forumi ishtirokchilariga yoʻllagan tabrigida yangradi. 

“Yoshlar 2020: global hamjihatlik, barqaror taraqqiyot va inson huquqlari” mavzusidagi forumning ochilish marosimida Oʻzbekiston Prezidentining tabrigini Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva oʻqib eshittirdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev oʻz tabrigida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrishga Oʻzbekistonning mazkur forumni oʻtkazish toʻgʻrisidagi tashabbusini qoʻllab-quvvatlagani uchun chuqur minnatdorlik bildiradi.

Oʻzbekiston Prezidenti, shuningdek xalqaro anjuman ishida ishtirok etayotgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti, YUNESKO, Xalqaro mehnat tashkiloti, Migratsiya boʻyicha xalqaro tashkilot, Parlamentlararo ittifoq, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi, Islom hamkorlik tashkiloti vakillari va boshqa xalqaro sheriklarimizga tashakkur izhor etdi.

“BMTning Yoshlar strategiyasida taʼkidlanganidek, «yoshlar siymosida eng qimmatli va oʻta muhim resurslar mujassam topgan boʻlib, unga har qancha investitsiya kiritsa arziydi, chunki bu sarmoyalar bir necha barobar ziyoda boʻlib qaytadi”. Men gʻoyat muhim ushbu fikrga toʻliq qoʻshilaman», deb qayd etdi oʻz tabrigida Oʻzbekiston rahbari.

«Shu yilning boshidan buyon COVID-19 pandemiyasi bilan bogʻliq vaziyat global hayot kun tartibidagi markaziy masala boʻlib kelmoqda. Yangi koronavirusning tarqalishi butun dunyoda jiddiy iqtisodiy va ijtimoiy oqibatlarga olib keldi. Aholi, birinchi galda yoshlar ana shu tahdidlarga javoban davlatlar hamda xalqaro hamjamiyat tomonidan keng koʻlamli chora-tadbirlar koʻrilishini talab etadigan koʻplab muammolarga toʻqnash keldi.

Bunday sharoitda yoshlarning ovoziga quloq tutish juda muhimdir. Ularning dolzarb ehtiyojlarini taʼminlash, huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan milliy, mintaqaviy va global strategiya va dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda bevosita ishtirok etishlari uchun yoshlarga imkoniyat yaratib berish zarur", deyiladi Oʻzbekiston Prezidentining tabrigida.

Tabrikda taʼkidlanganidek, “Aholisining yarmidan ziyodini yoshlar tashkil etadigan Oʻzbekistonda ularning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini taʼminlash davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishi etib belgilangan”.

Shu munosabat bilan, Prezidentimiz tabrigida qayd etilganidek, “BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida Oʻzbekiston tomonidan ilgari surilgan Yoshlar huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiyaning qabul qilinishi jahondagi ikki milliarddan ortiq yigit va qizlarning haq-huquqlarini taʼminlashda muhim ahamiyatga egadir. U yosh avlodni maʼrifiy ruhda tarbiyalash, ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, ularning manfaatlarini himoya qilish, oʻz salohiyatini roʻyobga chiqarishi uchun shart-sharoit yaratishdek ezgu maqsadlarga xizmat qiladi. Ushbu tashabbus xalqaro jamoatchilik tomonidan keng qoʻllab-quvvatlanmoqda”.

Davlatimiz rahbari, shuningdek «bugungi Forum ishtirokchilari ham ana shu tashabbusni qoʻllab-quvvatlaydilar, hujjat loyihasini oʻz amaliy takliflari bilan boyitadilar", deb ishonch bildirdi.

BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishning Inson huquqlari boʻyicha Samarqand veb-forumi ishtirokchilariga murojaatini BMTning Narkotiklar va jinoyatga qarshi kurash boʻyicha boshqarmasi (YUNODS) mintaqaviy vakili, BMT Doimiy vakili vazifasini bajaruvchi Ashita Mittal oʻqib eshittirdi.

BMT Bosh kotibi oʻz tabrigida Inson huquqlari boʻyicha Samarqand veb-forumini tashkil etgani uchun Oʻzbekiston Hukumatiga minnatdorchilik bildirdi va ushbu forum Xalqaro yoshlar kunida oʻtkazilayotganiga alohida eʼtibor qaratdi.

«Forumning “Yoshlar 2020: global hamjihatlik, barqaror taraqqiyot va inson huquqlari” deb nomlangani yoshlar vakillarining ijtimoiy hayotda va qarorlar qabul qilish jarayonlarida yana-da keng ishtirok etishi uchun koʻmaklashishga qaratilgan», deb qayd etdi BMT Bosh kotibi. – “Siyosiy jarayonlarning adolatparvarligini oshirish, yana-da sifatli va barqaror siyosatni ishlab chiqish hamda yoshlar oʻrtasida jamoat muassasalariga nisbatan ishonchni tiklash uchun bu juda muhimdir. Shu munosabat bilan Birlashgan Millatlar Tashkiloti hukumatlarning yoshlarga doir siyosatni ishlab chiqish borasidagi saʼy-harakatlarini qoʻllab-quvvatlaydi, chunki bu navqiron insonlarga ijtimoiy va siyosiy qarorlar qabul qilish hamda rivojlanishning yoshlar manfaatlarini ham koʻzda tutadigan strategik maqsadlarini belgilashda mustaqil ishtirok etish imkoniyatini beradi”.

BMT Bosh kotibi taʼkidlaganidek, “Navqiron insonlarning saʼy-harakatlari iqlim inqirozi, inson huquqlari himoyasi, nizolarni bartaraf qilish va hal etish kabi oʻta muhim global muammolarga yechim topishning ustuvor omili hisoblanadi”.

Antoniu Guterrish, shuningdek bugungi dunyoning holatini koʻp jihatdan COVID-19 inqirozi belgilab berayotgan sharoitda “pandemiya dunyo talabalarining 90 foizdan ortigʻini taʼlim olishdan uzib qoʻydi va oqibatda taʼlim sohasidagi shusiz ham mavjud boʻlgan tengsizlik yana-da qaltislashdi hamda global inqiroz murakkab tus oldi”, deb oʻz tashvishini bildirdi. Ayni chogʻda, uning taʼkidlashicha, «garchi taʼlim pandemiyaning yaqqol qurboni hisoblansada, u uzoq muddatga moʻljallangan tiklanish va barqaror rivojlanishning kalitiga ham aylanmoqda». Shu munosabat bilan Murojaatdan mazkur Forumning barcha ishtirokchilarini va butun dunyodagi jami yoshlarni “Kelajagimizni asrab qolaylik” nomli taʼlim kampaniyasiga qoʻshilishga chorlov oʻrin olgan.

“Istiqbolga nazar solgan holda, keling, dunyodagi barcha navqiron insonlarning huquqlari va orzu-umidlarini himoya qilish va qoʻllab-quvvatlash ishiga sodiq boʻlib qolaylik”, deyiladi BMT Bosh kotibining Samarqand forumi ishtirokchilariga murojaati yakunida.

Shuni qayd etish kerakki, Samarqand forumining asosiy milliy tashkilotchisi Oʻzbekiston Hukumati hisoblanadi. Xalqaro anjumanni oʻtkazish masʼuliyati Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga yuklangan.

Forum BMTning Inson huquqlari boʻyicha oliy komissari Boshqarmasi hamda ushbu Boshqarmaning Markaziy Osiyo boʻyicha mintaqaviy boʻlimi, BMT Taraqqiyot dasturi, Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratiya va inson huquqlari boʻyicha byurosi, YEXHTning Oʻzbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisi, Fridrix Ebert fondi kabi bir qator xalqaro sheriklar bilan hamkorlikda oʻtkazilmoqda.

Inson huquqlari boʻyicha

Oʻzbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati